Nozima hozirda Toshkent shahridagi 357-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni atigi ikki yil avval boshlagan. Qisqa vaqt ichida boshlang‘ich darajadan yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Nozima imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va maksimal natijaga erishishida unga nimalar yordam bergani haqida so‘zlab berdi.

Nozima IELTS imtihonini to‘rt marta topshirgan. Birinchi urinishda 8, ikkinchisida 8,5 ballni qayd etgan.

Ota-onam va ustozlarim “8,5 ball – zo‘r, shuning o‘zi yetarli”, deyishdi. To‘g‘ri, bu ham o‘quvchi uchun katta yutuq. Biroq men o‘zimdan qoniqmadim, eng yuqorisini olaman deb niyat qilgandim. Shu sababli imtihonni yana qayta topshirishga qaror qildim”, – deydi u.

Nozima qisqa vaqt ichida tayyorlanib, imtihonni qayta topshirdi. Biroq bu safar uning natijalari kutilganidek chiqmadi — 7,5 ballga tushib ketdi.

Imtihon natijasi faqat tayyorgarlik emas, balki omadga ham bog‘liq. Savollarning oson yoki qiyin tushishi yakuniy ko‘rsatkichga ta’sir qiladi. Uchinchi marta topshirganimda atrofimdagi hamma narsa teskarisiga ishlagandek tuyuldi: test yechayotgan kompyuterim ishlamay qoldi. Boshqasiga ko‘chirishguncha vaqtdan yutqazdim. Diqqatim chalg‘idi, fikrimni jamlash qiyin bo‘ldi. Ayniqsa o‘qish (reading) qismi murakkab tushdi”, – deya eslaydi Nozima.

Uchinchi urinishdagi omadsizlik uning ruhiyatiga salbiy ta’sir etgan bo‘lsa-da, o‘quvchi qiz harakatdan to‘xtab qolmadi.

7,5 ball chiqqanida “balki, endi to‘xtash kerakmikin”, deb o‘ylab qoldim. Lekin ustozim “bu tabiiy hol, yiqilishdan keyin o‘sish bo‘ladi”, deb kuch berdi. Shundan keyin yana urinib ko‘rdim”, – deydi u.

Nozima kamida avvalgi natijalarini tiklash uchun ham imtihonni to‘rtinchi marta topshirishga qaror qiladi. Test kuniga qadar u o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, avvalgi xatolarini tahlil qiladi.

Darslarni soatlab o‘tirib emas, kun davomida vaqt topilgan paytda muntazam qilib borganman. Eng samarali usullarimdan biri — ovoz yozish va o‘zimni tinglash bo‘lgan. Nutqimni diktofonga yozib olardim, keyin eshitib, xatolarimni topardim. Talaffuz va mazmun yaxshi chiqmaguncha, o‘sha mavzuda takror mashq qilardim. Lug‘atlarni yozib, ularni gaplar orasida ishlatardim.