Jamiyat | 11:23 / 18.10.2025
36737
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir oilaning 7 a’zosi halok bo‘lgan portlash bo‘yicha gaz idorasi xodimlari ozodlikdan mahrum qilindi

Portlashga olib kelgan tabiiy gaz yollanma ustalar tomonidan avtomobil yo‘li ostiga noqonuniy yotqizilgan quvurdan sizib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Jabrlanuvchilar gaz hidi chiqayotganini aytib, gaz idorasiga bir necha marotaba murojaat qilgan. Biroq tashkilot xodimlari bunga e’tibor qaratishmagan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand shahrida bir oilaning 7 a’zosi halok bo‘lgan portlash bo‘yicha gaz idorasi rahbari va uning 3 nafar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida sudya Zarifa Ahmedova raisligida ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, dahshatli portlash sodir bo‘lgunga qadar xonadon egalari gaz hididan bezovta bo‘lib, gaz idorasiga 11 marotaba murojaat qilgan. Biroq tashkilot mas’ullari bunga e’tiborsiz qarashgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2024 yil sentabr-oktyabr oylarida Spitamen shohko‘chasi va 160-uy atrofidagi xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgan. Yollanma ustalar yordamida noqonuniy tarzda avtomobil yo‘li ostiga gaz quvuri yotqizilgan. Quvur tegishli xulosalarsiz va xavfsizlik qoplamasisiz yer ostiga tushirilgani hamda tarmoqqa noqonuniy ulangani aniqlangan. Quvurda 7 ta teshik paydo bo‘lib, tabiiy gaz markaziy oqova qudug‘iga sizib chiqqan. Oqibatda portlash sodir bo‘lgan.

Sudlanuvchilar – “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali Samarqand shahar bo‘limi rahbari va 3 xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularga 3 yil davlat ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, portlashdan zarar ko‘rgan fuqarolar foydasiga gaz ta’minoti korxonasidan qariyb 6 mlrd so‘m undirish belgilangan.

2025 yil 8 maydan 9 mayga o‘tar kechasi Samarqand shahri “Bog‘isaroy” MFY, Spitamen ko‘chasida joylashgan uylarning birida portlash sodir bo‘lgandi. Ushbu portlash oqibatida bir oilaning 7 a’zosi halok bo‘lgan. Ularning jasadi vayronalar ostidan topilgandi.

Mavzuga oid