Angliya: «Liverpul»da inqiroz davom etmoqda

«Liverpul» – «Manchester Yunayted» 1:2
Gollar: Mbemo, 2 (0:1). Gakpo, 78 (1:1). Maguayr, 84 (1:2)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli (Virs, 62), Makallister (Jons, 62), Gravenberh (Ekitike, 62), Soboslai, Gakpo, Saloh (Frimpong, 85), Isak (Kiyeza, 72)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Shou (Yoro, 85), de Liht, Brunu Fernandesh (Maynu, 85), Kazemiro (Dorgu, 59), Dalot, Diallo (Ugarte, 59), Maunt (Sheshko, 61), Mbemo, Kunya
Ogohlantirishlar: Diallo, 52. Kazemiro, 57

So‘nggi yillarda «Liverpul» va «Manchester Yunayted» darajasi o‘rtasida katta farq yuzaga kelgan. Shu bilan birga, o‘zaro o‘yinlarda mersisaydliklar muntazam ravishda ochko yo‘qotib kelishmoqda. Yana shunday tendensiya kuzatilmoqdaki, Ruben Amorim davrida «MYu» top raqiblarga qarshi kuchli tayyorlanib, natijaga erishmoqda. Bu safar ham «Enfild»dagi o‘yindan oldin mezbonlar yaqqol favorit edi, ammo mehmonlar yana bir bor barchani hayron qoldirishdi.

Futbolchilar hali muhitni his qilib ulgurmasidan «Liverpul» gol o‘tkazib yubordi. 62-soniyadayoq Amad Diallo Brayan Mbeumoni golli pas bilan ta’minladi, futbolchi jarima maydoniga yorib kirdi va yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Georgiy Mamardashviliga imkon qoldirmadi.

Mavsum arafasida Mbeumo va Dialloga maydonda bir vaqtning o‘zida joy topib berish muammosi ko‘p muhokama qilingandi. Ammo ular birgalikda yaxshi harakat qilishmoqda. Bir necha daqiqa o‘tib ivuarlik futbolchi yana bir assist muallifi bo‘lishi mumkin edi, ammo Brunu Fernandesh qulay pozitsiyadan yaxshi zarba bera olmadi.

«Liverpul» esa birinchi bo‘limda «MYu» bilan tengma-teng kurashdi. Jamoaning yangi futbolchilari, hali yaxshi sport formasiga kira olmayotgan Florian Virs va Jyeremi Frimpong zaxira o‘rindig‘ida qolgandi, ammo Aleksander Isak boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Shvetsiyalik hujumchi bu o‘yinda ham jamoadan uzilib qoldi. U oldingi sport formasiga qaytishi uchun ko‘proq vaqt talab qilinmoqda. Muhammad Saloh haqida ham shu gapni aytish mumkin, misrlik hujumchi ketma-ket vaziyatlarni ko‘kka sovurmoqda. Ayniqsa 65-daqiqadagi vaziyatda yaqin masofadan turib aniq zarba yo‘llay olmagani muxlislarning hafsalasini pir qildi.

Kodi Gakpo esa jamoadagi eng yaxshilardan biri bo‘lib turibdi. Ammo shu kuni unga omad yetishmadi. Niderlandiyalik vingerning uch zarbasi darvoza ustuniga bordi. APL tarixida faqat mersisaydliklarning sobiq hujumchisi Darvin Nunes (to‘rt) bir o‘yinda ustun va to‘sinni bundan ko‘proq poylagan.