Yandex Uzbekistan barqaror rivojlanish sohasidagi ilk hisobotini taqdim etdi. Hisobot jamiyat uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyihalarni o‘z ichiga oladi.

Kompaniya xizmatlari, xususan, O‘zbekistondagi yuz minglab insonlar uchun ta’lim va bandlik imkoniyatlarini yaratib bermoqda. Jumladan, joriy yilda Yandex Uzbekistan mamlakatda sun’iy intellekt sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlaydigan ilk maktabni ochdi, kompaniya hamkorlari esa 2025 yilning birinchi yarim yilligida 340 million dollardan ortiq daromad topishga muvaffaq bo‘ldi (2024 yilning shu davriga nisbatan +50%). Kompaniya faoliyatida yana bir muhim yo‘nalish — o‘zbek tili va madaniyatini raqamli makonda rivojlantirishdir. Masalan, Yandex Search internetdan 11,6 million matnni o‘zbek tilida foydalanish uchun ochiq holatga keltirdi, Yandex Maps esa O‘zbekiston xaritasiga 27 ta arxitektura yodgorligining 3D-modellarini qo‘shdi.

IT-ta’lim va kadrlar tayyorlash
Yandex Uzbekistan’ning barqaror rivojlanish strategiyasidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri — ta’limni qo‘llab-quvvatlashdir. Kompaniya maktab o‘quvchilari uchun dasturlash bo‘yicha bepul kurslar tashkil etmoqda, o‘qituvchilarni neyrotarmoqlar va Python bilan ishlashga o‘rgatmoqda, shuningdek, mutaxassislar uchun haq to‘lanadigan amaliyotlar va intensiv ishlanma kurslarini amalga oshirmoqda. 2025 yilda kompaniya Yandex Uzbekistan Coding and Math Contest tanlovini o‘tkazdi — unda 87 nafar finalchi ishtirok etdi. Shuningdek, Technovation Girls xalqaro dasturi qo‘llab-quvvatlandi — unda 1,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qiz ishtirok etdi va 329 ta mustaqil loyiha taqdim etildi. 2025 yil oktyabridan e’tiboran Yandex ML School — O‘zbekistonda sun’iy intellekt mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan ilk maktab o‘z faoliyatini boshladi. Loyiha New Uzbekistan University bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va o‘qishga taxminan 3 mingta ariza qabul qilindi.
Bundan tashqari, kompaniya hududlarda hakatonlar o‘tkazib, qatnashchilarni aqlli shahar, xavfsizlik va inklyuziya yo‘nalishida innovatsion yechimlar ishlab chiqishga jalb qilmoqda.











