O‘zbekistonda AES qurish iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali ekaniga aniq baho berish qiyin. Masalaning moliyaviy tomonlari e’lon qilinmagan: stansiyalarning umumiy qiymati qancha bo‘ladi, ishlab chiqarilgan elektr energiya qanday narxda sotib olinadi, noma’lum. Kun.uz Jizzaxdagi AES loyihasining 2017-2025 yillardagi evrilishlari va bu loyiha ortidagi ehtimoliy xatarlarga e’tibor qaratadi.

Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi O‘zbekistonda AES qurmoqchi. Bir necha kun oldin qurilish ishlariga rasman start berilgan loyiha, iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali ekaniga aniq baho berish qiyin. Masalaning moliyaviy tomonlari e’lon qilingani yo‘q: stansiyalarning umumiy qiymati qancha bo‘ladi, ishlab chiqarilgan elektr energiya qanday narxda sotib olinadi, noma’lum. Bir necha marta o‘zgarishlarga uchragan loyihaning hali bosh shartnomasi tuzilmagan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning energetika sektoriga AESning kirib kelishi mamlakatni uzoq muddatga Moskvaning texnologik “orbitasi”ga bog‘lab qo‘yadi va energetik mustaqillikka putur yetkazadi. Bu juda ham xavotirli jihat.

Ushbu maqolamizda AES loyihasining 2017-2025 yillardagi evrilishlari va bu loyiha ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammolarga e’tibor qaratamiz.

AES qurish xronologiyasi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.

2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi