Ta’lim | 10:54 / 25.10.2025
1891
2 daqiqa o‘qiladi

Kasbiy ta’lim boshqaruvi yangilanadi: yangi agentlik tuzildi

Prezidentning “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Yangi agentlik kasbiy ta’limni rivojlantirishda samarali va yaxlit boshqaruv tizimini shakllantirishni maqsad qiladi. Agentlik quyidagi yo‘nalishlarda mas’ul bo‘ladi:

  • texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy ta’lim sohasini boshqarish;
  • kasbiy ta’lim dasturlari mazmuni, malaka darajalari, o‘qitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda o‘quv-metodik ta’minotga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda “vaucher” tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga o‘qitish;
  • Migratsiya agentligining xorijiy ish beruvchilar ehtiyojiga asoslangan buyurtmalari bo‘yicha fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga o‘qitish.

2027 yil 1 yanvardan iqtisodiyot tarmoqlaridagi ish o‘rinlariga bosqichma-bosqich Milliy malaka ramkasining tegishli darajasiga mos diplom (yoki malaka sertifikati)ga ega xodimlarni ishga qabul qilish tizimi joriy etiladi. Bu mehnat bozorida talab qilinishi mumkin bo‘lgan aniq kompetensiyalarni tasdiqlaydi va kadrlar sifatiga oid mezonlarni aniqlashtiradi.

Davlat kasbiy ta’lim muassasalariga ta’lim xizmatlari narxini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash va mutaxassislarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat beriladi.

Kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hududiy tadbirkorlar kengashlari tuziladi — bu biznes, ta’lim va davlat sherikligini mustahkamlab, mahalliy ehtiyojga mos dasturlar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Islohotlar natijasida kasbiy ta’limda boshqaruv barqarorligi, dasturlar me’yoriy-uslubiy yagona standarti, mehnat bozoriga muvofiq kadr tayyorlash, shuningdek, aholi bandligini oshirishga qaratilgan maqsadli o‘qitish mexanizmlari kuchayadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid