Jamiyat | 11:47 / 25.10.2025
2373
2 daqiqa o‘qiladi

TIV vatandoshlarni Telegram'dagi «hujjat tayyorlash» e’lonlaridan ogohlantirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi konsullik muassasalariga tayangan holda vatandoshlarni ijtimoiy tarmoqlardagi «hujjat tayyorlab berish» haqidagi e’lonlarga ishonmaslikka chaqirdi. Ma’lum qilinishicha, Telegram'da qalbaki hujjatlar tayyorlashni taklif etuvchi guruh va kanallar ortib, konsulliklarga soxta hujjat taqdim etish holatlari qayd etilmoqda.

Qozonda fuqaro «Vatanga qaytish guvohnomasi»ni qalbakilashtirib, parvoz chiptasi rasmiylashtirish jarayonida fosh etilgan. Bosh konsulxonaning tezkor harakatlari natijasida Rossiya JK 322-modda (chegarani noqonuniy kesib o‘tish) va 327-modda (soxta hujjat/shtamp/blank tayyorlash yoki sotish) bilan bog‘liq jinoyatlarning oldi olindi.

Boshqa holatda fuqaro O.B.B. fuqaro X.M.A. bilan qalbaki nikoh asosida «nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma» olib, shu asosda FHDYo organlaridan farzandi O.M.B. nomiga «tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma» rasmiylashtirgani aniqlangan.

TIVning rasmiy ogohlantirishi:

vatandoshlar hujjatlarni faqat O‘zbekistonning vakolatli davlat organlari orqali rasmiylashtirishi shart;
Telegram kabi platformalardagi «hujjat tayyorlab berish» e’lonlari firibgarlik sxemalari bo‘lishi mumkin;
soxta hujjatdan foydalanish, uni tayyorlash yoki aylanmasi uchun qator davlatlarda, jumladan Rossiyada, jinoiy javobgarlik belgilangan;
shubhali taklif va holatlar yuzaga kelsa, yaqin konsullikka yoki elchixonaga darhol murojaat qilish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid