O‘tgan hafta AQSh Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalari – “Rosneft” va “Lukoil”ga sanksiyalar joriy qildi. Bu ikki kompaniya jahon neft ta’minotining taxminan 5 foizini ishlab chiqaradi. AQShning maqsadi – Rossiya budjetiga tushadigan neft daromadlarini qisqartirish va Kremlni Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga qaytarishdir.
Bu sanksiyalar tufayli 23 oktyabrdan buyon neft narxi 5 foizga oshib, barreliga 66 dollar atrofida savdolar ketyapti. Investorlar sanksiyalar va Rossiyaning mumkin bo‘lgan javob choralaridan qo‘rqmoqda – bu esa global ta’minot zanjirini qisqartirishi mumkin.
Saudiya Arabistoni uchun diplomatik bosim
Bu vaziyat Saudiya uchun murakkab diplomatik muammoga aylandi, deb yozmoqda Reuters. Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti – OPEC'ning yetakchisi sifatida u o‘z strategik manfaatlarini saqlab qolish bilan birga, Rossiya va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni davom ettirishga majbur.
OPEC+ yig‘ilishi va qarama-qarshi manfaatlar
OPEC+ a’zolari 2 noyabr kuni dekabr oyidagi ishlab chiqarish kvotasini belgilash uchun yig‘ilish o‘tkazadi.
Reuters'ning 28 oktyabrdagi xabariga ko‘ra, guruh ishlab chiqarishni birozgina – kuniga 137 ming barrelga oshirishi ehtimolga yaqin, lekin taklifni ko‘paytirish imkoniyati atigi bir nechta davlat, xususan Saudiyada bor.
Apreldan buyon OPEC+ ishlab chiqarish maqsadini 2,7 million barrelga oshirdi, bunga global iqtisodiyotdagi o‘sish va yoqilg‘iga talabning ko‘tarilishi sabab bo‘ldi.
Biroq bu o‘sish ortiqcha ta’minotni keltirib chiqardi. Xalqaro energetika agentligi (IEA) bu muvozanatsizlik kamida yana bir yil davom etishini taxmin qilmoqda.
Rossiya esa OPEC+dan ishlab chiqarishni to‘xtatish yoki kamaytirishni so‘ramoqda, chunki bozorga ortiqcha neft chiqarish uning daromadlarini qisqartiradi.
Ammo Tramp 18 noyabrda Oq uyda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvda buning teskarisini talab qilishi kutilmoqda.









