Birlaşgan Millatlar Taşkiloti Boş assambleyasi 24 iyul kuni Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan işlab çiqilgan «Ijtimoiy rivojlanişni jadallaştirişda parlamentlarning rolini kuçaytiriş töğrisida»gi rezolyutsiyani qabul qildi.

Mazkur hujjatni BMTga a’zo 61 davlat hammuallif sifatida qöllab-quvvatladi. Bu Özbekistonning barqaror rivojlaniş, ijtimoiy taraqqiyot va parlament diplomatiyasini rivojlantiriş borasidagi taşabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilayotganini körsatadi.

Hujjatda 2030 yilgaça Barqaror rivojlaniş maqsadlariga erişişda parlamentlarning örni alohida e’tirof etilgan. Xususan, milliy qonunçilikni takomillaştiriş, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlaş, kambağallikni qisqartiriş, munosib bandlikni ta’minlaş, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytiriş va ijtimoiy integratsiyani qöllab-quvvatlaş parlamentlarning asosiy vazifalari sifatida qayd etilgan.

Şuningdek, rezolyutsiyada xotin-qizlar va yoşlarning parlament faoliyatidagi iştirokini kengaytiriş, raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalaniş, rivojlanayotgan mamlakatlarni qöllab-quvvatlaş hamda xalqaro hamkorlikni kuçaytiriş masalalariga alohida urğu berilgan.

Hujjatda 2025 yilda Toşkent şahrida ötkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi hamda unda qabul qilingan Toşkent deklaratsiyasi ham e’tirof etilgan. Deklaratsiyada parlamentlarning ijtimoiy rivojlaniş va ijtimoiy adolatni ta’minlaşdagi örni aks ettirilgan.

Rezolyutsiya bilan BMTga a’zo davlatlar parlamentlarni 2030 yilgaça Barqaror rivojlaniş kun tartibini amalga oşiriş va monitoring qiliş jarayonlariga faolroq jalb etişga çaqirilmoqda. Jumladan, ixtiyoriy milliy şarhlarni tayyorlaş, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuçaytiriş va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni kengaytiriş tavsiya etilgan.

Bundan taşqari, hujjatda parlament vakillarining BMTning yirik xalqaro tadbirlaridagi iştirokini kengaytiriş hamda ijtimoiy rivojlaniş körsatkiçlarini baholaş uçun milliy statistika tizimlarini takomillaştiriş zarurligi qayd etilgan.

Rezolyutsiya qabul qilinişidan avval Özbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan keng kölamli siyosiy-diplomatik muzokaralar olib borildi. Rasmiy maslahatlaşuvlar va ikki tomonlama uçraşuvlar natijasida barça a’zo davlatlar manfaatlarini inobatga olgan muvozanatli hujjat matni işlab çiqildi.

Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinişi Özbekistonning BMT doirasidagi taşabbuslari va köp tomonlama diplomatiyadagi faolligi tobora ortib borayotganini namoyon etadi. Şu bilan birga, hujjat parlamentlararo hamkorlikni ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanişga erişişning muhim vositalaridan biri sifatida e’tirof etadi.