AQSh prezidenti Donald Tramp hozirgi bosqichda Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk («Tomagavk») raketalarini berish imkonini ko‘rib chiqmayotganini tasdiqladi. Oq uy rahbari 2 noyabr kuni Air Force One bortida bergan javobida bunday yetkazib berish ehtimoli haqida so‘ralganda: «Yo‘q», — dedi.
31 oktyabr kuni CNN eslatganidek, Tramp oktyabr oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tgan tushlik paytida Kiyevga «Tomagavk» bermaslikni ma’qul ko‘rishini, chunki bu raketalar AQSh muhofazasi uchun kerakligini aytgan edi. Jurnalistlar ta’kidlashicha, Pentagon oktyabr oyi boshida — Amerika zaxiralari yetarliligini baholab, raketalarni Kiyevga berishga rozilik bildirgan, va ularni topshirish uchun faqat prezidentning siyosiy qarori kerak bo‘lgan.
Air Force One bortida 2 noyabr kuni Amerika rahbari AQSh harbiylarini Nigeriyaga yuborish yoki u yerga aviazarbalar uyushtirish istiqbollari haqida ham fikr bildirdi. Quruqlik operatsiyasi haqida gapirar ekan, Tramp: «Ehtimol. Men boshqa narsalarni ham nazarda tutyapman. Ko‘p narsalarni ko‘zda tutyapman», — dedi. «Nigeriyada nasroniylarni misli ko‘rilmagan miqdorda o‘ldirishyapti… Ular nasroniylarni o‘ldirishyapti va bu juda katta miqyosda. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya uning so‘zlarini keltirdi Reuters.
Bundan oldin, 1 noyabr kuni, Tramp agar «Nigeriya hukumati nasroniylarning o‘ldirilishiga yo‘l qo‘yishda davom etsa», AQSh qurolli kuchlarini Nigeriyaga yuborish bilan tahdid qilgandi. U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozgan: bunday holda «AQSh Nigeriyaga har qanday yordam va qo‘llab-quvvatlashni darhol to‘xtatadi» va «juda ehtimol», bu mamlakatga o‘z kuchlarini kiritib, «bunday dahshatli jinoyatlarni amalga oshirayotgan terrorchilarni butunlay yo‘q qiladi». Tramp, shuningdek, harbiy idoraga «ehtimoliy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish»ni allaqachon buyurganini qo‘shimcha qildi.
Uning so‘zlariga Pentagon rahbari Pit Xegset javob qaytardi: «Nigeriyada — va boshqa istalgan mamlakatda — begunoh nasroniylarning o‘ldirilishi darhol to‘xtashi kerak. “Urush vazirligi” harakatlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yo Nigeriya hukumati nasroniylarni himoya qiladi, yoki biz bu dahshatli jinoyatlarni qilayotgan terrorchilarni yo‘q qilamiz», — deb yozdi u X’da.
Nigeriya prezidenti Bola Tinubu esa 1 noyabr kuni X’da: «Nigeriyani boshqa dinlarga toqatsiz deb ta’riflash — bizning milliy realligimizga mos kelmaydi», — deb yozdi. «Vijdon va din erkinligi, bag‘rikenglik — umumiy o‘zligimiz tamal toshlari bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi», — dedi u.
Nigeriyaning shimolida asosan musulmonlar, janubida esa asosan nasroniylar yashaydi — ikki konfessiya aholisi taxminan barobar. Mamlakatning shimoliy-sharqida «Boko Haram» terroristik guruhi faoliyat yuritadi, 2009 yildan beri uning harakatlari 35 mingdan ortiq qurbonga olib kelgan, ikki milliondan ziyod kishi esa ichki qochqinga aylandi.







