Anjuman ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Prezident sammitda nutq so‘zladi va bugungi kunda jahon hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.

– Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.

– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, dedi Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qilindi.

Davlat rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezident “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSh dollarini tashkil etadi. Bu yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.