Jahon | 11:17 / 06.11.2025
2350
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Minuteman III qit’alararo raketa sinovini o‘tkazdi

Minuteman III qit’alararo ballistik raketaning sinov parvozi Kaliforniyadagi Vandenberg bazasidan amalga oshirildi, raketa Marshall orollariga deyarli 7000 kilometr parvoz qildi.

Foto: U.S. Air Force/ZUMA Press

AQSh Kaliforniya shtatining Vandenberg bazasidan Minuteman III qit’alararo ballistik raketasini sinov tarzida uchirdi. AQSh Havo kuchlarining Global zarbalar qo‘mondonligi (AFGSC) 5 noyabr kuni o‘tkazilgan va GT 254 deb belgilab qo‘yilgan test orqali qit’alararo ballistik raketalarning ishonchliligi va tayyorligini tasdiqlaganini AQSh Kosmik kuchlari ma’lum qildi.

Raketa taxminan 4200 milya (hisob-kitobga ko‘ra — 6800 km chamasi) masofani bosib o‘tib, Marshall orollari respublikasidagi Kvajaleynda joylashgan mudofaa sinov poligoniga yetdi. “Bu uchirish Minuteman III imkoniyatlarini baholash va tasdiqlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan rejali va davriy tadbirlar seriyasining bir qismidir”, deyiladi bayonotda.

Sinovlar qat’iy xavfsizlik protokollariga rioya etilgan holda o‘tkazilib, AFGSC’ga muhim ma’lumotlarni to‘plash imkonini beradi, deya ta’kidladi Kosmik kuchlar.

Xuddi shu kuni Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov yadroviy sinovlarga tayyorgarlikni boshlashni taklif etdi. Bir hafta avval AQSh prezidenti Donald Tramp boshqa davlatlar o‘tkazayotgan sinovlarga ishora qilib, yadroviy qurol sinovlarini boshlashni buyurgan edi. “Rossiya sinovlar o‘tkazmoqda, Xitoy ham sinovlar o‘tkazmoqda, lekin bu haqda aytmaydi. Biz ham sinov o‘tkazamiz, chunki ular sinov o‘tkazmoqda va boshqalar ham. Albatta, Shimoliy Koreya sinov o‘tkazadi. Pokiston ham sinov o‘tkazadi”, — dedi u.

Trampning bu qadami Putinning yadroviy qurilmalarga ega “Burevestnik” raketasi va “Poseydon” suvosti apparati sinovlari haqidagi bayonotlariga javob bo‘ldi. Shundan keyin Oq uy rahbari Putinga “to‘rt yilga yaqin davom etayotgan urushni yakunlash bilan shug‘ullansa bo‘lardi, raketa sinovlari bilan emas”, deb aytdi.

So‘nggi yillarda AQSh Minuteman III — 1970 yildan beri qurollanishda bo‘lgan qattiq yonilg‘ili qit’alararo ballistik raketani bir necha bor sinovdan o‘tkazgan. Uning uchish masofasi 12 ming kilometrni tashkil etadi. Bu — AQSh strategik yadroviy kuchlari tarkibidagi yagona shaxta bazasida joylashtirilgan QBR. Jumladan, 2025 yil may oyida ham Minuteman III sinovlari haqida xabar berilgan.

Hozirda AQShda shunday 400 ta raketa mavjud, ularning har biri uchtagacha yadroviy kallakni olib yurishi mumkin. Ular Montana shtatining Malstrom aviabazasi yaqinida joylashgan 341-raketa qanoti, Vayomingdagi Uorren aviabazasidagi 90-raketa qanoti va Shimoliy Dakotadagi Maynot aviabazasidagi 91-raketa qanoti pozitsion rayonlarida shaxta qurilmalarida jangovar navbatchilikda turibdi.

Mavzuga oid