Nashr olgan yaqindan tushirilgan suratda AQSH Dengiz piyodalari korpusining VMFA-314 Black Knights eskadrilyasiga qarashli F-35C samolyoti tasvirlangan.

Eronga qarshi «Epik gʻazab» operatsiyasidan qaytgan samolyotlardagi bunday belgilar ular qoʻllagan qurollar va bajargan vazifalar haqida qoʻshimcha maʼlumot berishi mumkin.

Samolyotda qanday belgilar bor?

Qiruvchi fyuzelyajining chap tomonida, kabina osti va havo qabul qilgich oldida turli oʻq-dorilarning siluetlari koʻrinadi.

The Aviationist talqiniga koʻra, ular AIM-120 AMRAAM raketalari, AGM-154 JSOW boshqariladigan zarba vositalari hamda GBU-31 JDAM, GBU-54 Laser JDAM va GBU-32 JDAM aviabombalarini anglatishi mumkin.

Har bir siluet yonidagi qoʻshimcha chiziqlar tegishli qurol bir necha bor qoʻllanganini ifodalayotgan boʻlishi ehtimol.

Qurol boʻlinmasi qopqogʻida esa nishonlarga oʻxshash tasvirlar joylashgan. Ular orasida neft tankeri, uchta suvosti kemasi, korvet yoki fregatga oʻxshash harbiy kema, dron hamda artilleriya quroli siluetlari bor.

Yana ikki belgini ishonchli aniqlash qiyin. Nashr ulardan biri avtomobildagi koʻchma zenit majmuasini, ikkinchisi esa statsionar raketa uchirish qurilmasi yoki boshqa yer usti nishonini anglatishi mumkinligini yozgan.

Dron belgisi qaysi voqeaga tegishli?

Samolyotdagi dron silueti uchburchaksimon qanotli Shahed-136 apparatiga oʻxshaydi.

Maqolada eslatilishicha, 2026-yil 3-fevralda VMFA-314 eskadrilyasi samolyoti Arabiston dengizidagi «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi tomon uchgan Shahed-139 dronini urib tushirgan.

Shu sababli belgi aynan oʻsha voqeani anglatishi mumkin. Biroq suratdagi siluet oʻsha jangda tilga olingan dron turiga mos kelmaydi. Demak, bu bogʻliqlik hozircha taxmin boʻlib qolmoqda.

Eng katta savol - uchta suvosti kemasi

Nashrning alohida eʼtiborini uchta suvosti kemasi belgisi tortgan. Taktik qiruvchining bunday nishonlarni urishi gʻayrioddiy holat hisoblanadi.

Avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining VFA-41 eskadrilyasiga qarashli F/A-18F Super Hornet samolyotida ham suvosti kemasi silueti va Sub Buster - «Suvosti kemalari ovchisi» yozuvi koʻrilgani xabar qilingan edi.