Xaritada 2025-yilda har bir mamlakatning AQShga tovar eksporti va undan importi yigʻindisi yalpi ichki mahsulotga nisbatan hisoblangan. Xizmatlar savdosi mazkur koʻrsatkichga kiritilmagan.
Maʼlumotlar AQSH Aholini roʻyxatga olish byurosi, AQSH Xalqaro savdo komissiyasi, Jahon savdo tashkiloti va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi manbalariga asoslangan.
Muhim jihati: savdo hajmining YaIMga nisbati iqtisodiyotning shuncha qismi AQSH hisobiga yaratilishini anglatmaydi. Bu koʻrsatkich ikki tomonlama tovar ayirboshlash koʻlamini mamlakat iqtisodiyoti hajmi bilan taqqoslaydi.
Meksika va Kanada: qoʻshni bozorning ahamiyati katta
Meksikaning AQSH bilan tovar savdosi uning YaIMga nisbatan 48 foizni tashkil etgan. Kanadada bu koʻrsatkich 31 foizga teng.
Ular iqtisodiyot hajmi bir trillion dollardan oshadigan mamlakatlar orasida reytingning birinchi oʻntaligiga kirgan yagona ikki davlatdir.
Kanada uchun energetika savdosi alohida ahamiyatga ega. Maqolada keltirilishicha, 2025-yilda mamlakat xom neft eksportining 90,1 foizi AQSH hissasiga toʻgʻri kelgan.
Vetnam va Tayvan eksporti keskin oʻsgan
Vetnam tashqi savdoga yuqori darajada tayanadi: 2025-yilda uning barcha mamlakatlar bilan eksporti va importi yigʻindisi YaIMning 190 foiziga teng boʻlgan.
AQSH Vetnam tovarlari uchun eng yirik sotuv bozoridir. Ikki tomonlama tovar savdosi Vetnam YaIMning 44 foiziga teng. Yirik iqtisodiyotlar orasida bu nisbat boʻyicha faqat Meksika oldinda.
2025-yilda Vetnamning AQShga eksporti 28,1 foizga oʻsib, 153 milliard dollardan oshgan. Bunda kompyuterlar va elektron texnika muhim oʻrin tutgan. Maqolada bu oʻsish Amerika kompaniyalarining ishlab chiqarish zanjirlarida Xitoyga bogʻliqlikni kamaytirish harakatlari bilan ham izohlangan.
Tayvanning AQSH bilan tovar savdosi esa YaIMning 28 foiziga teng. Uning Amerikaga eksporti 2025-yilda 78 foizga koʻpayib, 198,3 milliard dollarga yetgan.
Tailandda AQSH bilan savdoning YaIMga nisbati 20 foiz, Malayziyada 19 foizni tashkil etgan. Vetnam, Tayvan, Tailand va Malayziya global elektronika taʼminot zanjirlarining muhim markazlari hisoblanadi.















