Jahon | 10:18 / 11.11.2025
3219
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Delining turistik hududida portlash: sakkiz kishi halok bo‘lgan

Hindiston poytaxti Nyu-Deli shahrining diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lgan Qizil qal’a yaqinida avtomobil portlashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi va kamida 20 kishi jarohatlandi. Hindiston politsiyasi portlash sabablari bo‘yicha «barcha ehtimoliy versiyalar ko‘rib chiqilayotgani»ni ma’lum qilgan.

Foto: EPA

10 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida Hyundai i20 rusumli avtomobil tarixiy qal’a yaqinida joylashgan metro bekatiga kiraverishdagi gavjum ko‘chada svetoforda turganida portlab ketgan. Mashina ichida uch kishi bo‘lgan. Portlash to‘lqini atrofdagi avtomobillarga ham zarar yetkazgan, bir necha mashina va motorikshalar yonib ketgan.

Eski Dehli hududidagi Qizil qal’a (yoki Lal-Qal’a) – 17 asrda Boburiylar imperiyasi davrida qurilgan bo‘lib, sayyohlar orasida mashhur.

Har yili an’anaga ko‘ra, 15 avgust kuni Hindiston Mustaqillik kunida Hindiston bosh vazirlari Qizil qal’a istehkomidan turib xalqqa murojaat qilishadi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mashina ko‘chada sekin harakatlanib kelib, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtagan va portlash sodir bo‘lgan.

Portlash hududi politsiyachilar tomonidan o‘rab olingan.

Hindistonning NDTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, ushbu avtomobil egasi qo‘lga olingan. The Times of India nashri qayd etishicha, ushbu avtomobil bir necha marta qo‘ldan qo‘lga o‘tgan bu esa avtomobilga o‘rnatilgan qo‘lbola bomba bilan terakt sodir etadigan terrorchilarga xos usul hisoblanadi. 

Hindiston poytaxtida kuchaytirilgan trevoga e’lon qilingan, boshqa shtatlarda, xususan, Toj Mahal joylashgan Uttar-Pradesh va Hindistonning moliyaviy poytaxti Mumbayda ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Ichki ishlar vaziri Amit Shoh seshanba kuni ertalab uning idorasining yuqori martabali xodimlari yig‘ilishi o‘tkazilishini aytdi.

«Biz barcha ehtimoliy versiyalarni o‘rganmoqdamiz va batafsil tekshiruv o‘tkazamiz. Hodisaning barcha versiyalari o‘rganiladi va biz uning natijalarini jamoatchilikka taqdim etamiz», – degan u.

Mavzuga oid