Jahon | 12:49 / 13.11.2025
1499
4 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya prezidenti “Lukoyl” NQZ vaqtincha davlat nazoratiga o‘tkazilishini inkor etmadi

Ruminiya prezidenti Nikushor Dan «Lukoyl»ga tegishli neftni qayta ishlash zavodi (NQZ) «ma’lum muddat» davomida hukumat nazoratiga o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. Bir kun oldin shunday chaqiriq bilan mamlakat energetika vaziri ham chiqqandi.

Foto: AA/ABACA / Abaca Press / Profimedia

Ployeshti shahrida joylashgan va Rossiyaning eng yirik xususiy neft-gaz kompaniyasi «Lukoyl»ga qarashli Petrotel NQZ «ma’lum muddat»ga davlat nazoratiga o‘tkazilishi mumkin. Bunday bayonotni mamlakat prezidenti Nikushor Dan 12 noyabr kuni matbuot anjumanida berdi, deya xabar qiladi HotNews rumin nashri.

«‘Lukoyl’ga bitta NQZ va yuzlarcha yonilg‘i quyish shoxobchasi tegishli (kompaniya saytida Ruminiyada 320 ta AYoQSh deb ko‘rsatilgan — tahr.). AYoQSh ulushi juda katta emas, ammo NQZ muhim. Hozir u texnik xizmat ko‘rsatish sababli yopiq, bir necha haftadan so‘ng qayta ochish rejalashtirilgan. Uning to‘xtashi hozircha oqimga ta’sir qilmayapti, ammo o‘rta va uzoq muddatda neftni qayta ishlash to‘xtasa, ko‘proq import qilishimizga to‘g‘ri keladi. Muammo shu yerda», — dedi Dan.

Prezidentning ta’kidlashicha, NQZni sotish jarayonini shoshirish kerak emas. «Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, bir tomondan, uni RFdan qo‘g‘irchoq kompaniya sotib olish xavfi yo‘q — bizda strategik ahamiyatga ega korxonalar sotuvini baholovchi komissiya bor. Albatta, sotib olishga qiziqish mavjud, lekin bu jarayonni tezlashtirishga majbur qiluvchi omil yo‘q. Shuningdek, maxsus me’yoriy asos talab qiladigan yana bir variant bor: NQZni ma’lum muddatga Ruminiya davlati sotib olishi mumkin», — dedi u.

11 noyabr kuni Ruminiya energetika vaziri Bogdan Ivan Facebook’dagi sahifasida mamlakat «Lukoyl»ga tegishli NQZni o‘z nazoratiga olishi kerakligini yozdi. U bu chorani «xalqaro chora-tadbirlar to‘liq bajarilishini kafolatlash, 5 ming ishchining ish o‘rinlarini himoya qilish hamda milliy energetika tizimining barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash» zarurati bilan izohladi.

Noyabr boshida qo‘shni Bolgariya parlamenti prezident Rumen Radev vetosini yengib, «Lukoyl» aktivlarini sotish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Shu bilan birga, hukumat Burgas shahrida kompaniyaga tegishli NQZni davlat nazoratiga olish va yangi egasiga sotishga yo‘l ochadigan tuzatishlar kiritishni rejalashtirmoqda.

Oktyabr oxirida AQSh va Buyuk Britaniya joriy etgan sanksiyalardan so‘ng «Lukoyl»ning xorijdagi tuzilmalari biznes yuritishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Muammolar kamida Iroq, Shveytsariya va Finlandiyada kuzatilmoqda.

Jumladan, Somo Iroq davlat kompaniyasi sanksiyalar xavfi tufayli «Lukoyl» tomonidan mamlakat janubidagi «G‘arbiy Kurna-2» konlarida qazib olingan xom neftning noyabr oyiga mo‘ljallangan uch partiyasi yuklanishini bekor qilgan. Shveytsariyadagi Litasco — Rossiya kompaniyaning savdo bo‘limi bilan esa Britaniya dengiz brokerlari sanksiyalar sababli ishlashdan bosh tortmoqda.

Finlandiyada «Lukoyl»ga tegishli Teboil AYoQSh tarmog‘ida taxminan 1000 nafar ishchi yaqin haftalarda ishsiz qolishdan xavotirda — mahalliy banklar kompaniya to‘lovlarini muzlatishni boshladi. AQSh Moliya vazirligi kompaniyalarga «Lukoyl» tuzilmalari bilan barcha operatsiyalarni 21 noyabrgacha yakunlashga ruxsat bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid