Fabio Kannavaro milliy jamoa murabbiyi sifatida birinchi jiddiy sinovdan o‘tdi. To‘g‘ri, Urugvay ham kuchli raqib, lekin o‘shanda jamoa bu qadar optimal tarkibda bo‘lmagan. Kannavaroning o‘zida ham hali jamoa bilan tanishishga vaqt yo‘q edi. So‘nggi o‘yinga nisbatan besh futbolchi o‘zgargani ham bundan dalolat qilmoqda. Endi biz murabbiyning bir oylik faoliyatiga qisman baho berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Fabio Kannavaro o‘tgan davrda nimalar qildi? Qanday o‘zgarishlar amalga oshirmoqda? Quyida shu haqida to‘xtalamiz.

3-4-3 – MUVAFFAQIYaT KALITIMI?

Yaqinda bir podkastda mehmon bo‘lgan Ole Gunnar Sulsher bugungi «Manchester Yunayted» sistemasi, ya’ni 3-4-3 haqida fikr bildirarkan, bunday sxemaga qarshi to‘p surish juda qiyin ekanini tan oldi.

«Agar hammasi mukammal shaklga keltirilsa, bunday jamoaga qarshi pressing qilish ham, himoyalanish ham qiyin bo‘ladi», – dedi norvegiyalik mutaxassis.

To‘g‘ri, top-klublarda bunday yo‘l bilan muvaffaqiyat qozonish ilojsiz ekani ham aytiladi, dunyoning eng yaxshi jamoalari to‘rt himoyachi bilan o‘ynashiga o‘rganib qolganmiz. Lekin e’tibor bersangiz, kamtarroq tarkib bilan o‘z darajasidan yuqori futbol ko‘rsatgan, aynan taktika orqali nomdorroq raqiblarga qarshi ham munosib o‘ynay olgan ko‘plab jamoalarda uch markaziy himoyachi sxemasi edi. So‘nggi Yevropa chempionatlaridagi Daniya, Avstriya yoki Shveytsariya milliy jamoalarini eslang. Bu jamoalar tarkibida birinchi raqamli top-yulduzlarni uchratmaysiz, lekin ular doim tashabbuskor futbol namoyish etishadi, shuningdek, o‘sha o‘rtamiyona futbolchilar ham shu tizim ichida yulduzga aylanishadi.

Quyidagi suratda Sulsher aytgan jihatni, ya’ni bunday tizimga qarshi himoyalanish qiyinligini ko‘rish mumkin.

Qanot himoyachilari hujumga faol qo‘shilganda oldinda bir chiziqda 5 futbolchi hosil bo‘ladi. 4-3-3 yoki 4-4-2 sexmasida, ya’ni vingerlar bilan o‘ynaganda bunday strukturani yaratish qiyin. Bu esa o‘z navbatida raqibning 4 himoyachisiga qiyinchilik tug‘diradi. Doim uzoq qanotda bir bo‘sh futbolchiga ega bo‘lish yoki raqib futbolchilarini gorizontal «yoyish» hisobiga markazda ham kengroq zonalarga ega bo‘lish imkoniyati bor.

Yaqinda «MYu»ga qarshi o‘yinda «Chelsi» ozchilik bo‘lib qolgach, Mareska beshinchi himoyachini tushirishga majbur bo‘ldi va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida raqiblar oldingi chiziqda besh kishi bo‘lib hujum qilayotgani uchun qo‘shimcha futbolchiga ehtiyoj sezganini aytdi. Xuddi shunday qarorni «Sanderlend» murabbiyi «MYu»ga qarshi o‘yinda qabul qildi – u hisob 0:2 bo‘lsa ham, vinger o‘rniga uchinchi markaziy himoyachi tushirishga majbur bo‘lgani, aks holda hisob yanada yiriklashib ketishidan cho‘chiganini yashirmadi.