Jahon | 14:21 / 17.11.2025
1584
3 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya Ukrainaga AQShdan suyultirilgan gaz yetkazib beradi

Gretsiya va Ukraina energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Shartnomaning asosiy bandi - AQSh suyultirilgan tabiiy gazi (STG)ni Gretsiyadan Ukrainaga mavjud quvurlar orqali yetkazib berish bo‘lib, bu qishdayoq boshlanadi.

Foto: Angelos Tzortzinis/AFP

Ukraina va Gretsiya energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Bu hamkorlikning markaziy elementi vertikal gaz koridori bo‘ladi, unga ko‘ra AQSh suyultirilgan tabiiy gazi (STG) grek portlaridan Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlariga, u yerdan esa Ukrainaga yetkazib beriladi. Gretsiyaning DEPA gaz kompaniyasi va Ukraina "Naftogaz"i o‘rtasidagi tegishli kelishuv 16 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Gretsiyaga tashrifi chog‘ida imzolandi.

Hukumat vakilining Afinada bildirishicha, STG yetkazib berish dekabrdayoq boshlanib, mart oyigacha davom etadi. Yaqin yillarda ham yetkazib berishni davom ettirish rejalashtirilgan. "Biz ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz", — dedi Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, gaz yetkazib berish allaqachon mavjud bo‘lgan quvurlar orqali amalga oshiriladi. U Rossiya Ukraina gaz omborlarini yo‘q qilayotganini eslatib, Gretsiyaga, shuningdek gaz koridorini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSh prezidenti Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.

Zelenskiy Afinaga tashrifidan oldin, Gretsiya bilan tuzilgan bitim "Ukraina uchun qish davrida gaz import qilish yo‘llarining xavfsizligini maksimal darajada ta’minlashi" kerakligini aytgan edi. "Bizda gaz import qilishni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlar mavjud va Rossiya zarbalari tufayli Ukraina gaz qazib olishdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun gaz importini qariyb 2 milliard yevro miqdorida moliyalashtirish ehtiyojini qoplaymiz", — deya ta’kidladi u. Qish mavsumi uchun Ukrainaga gaz xaridi moliyalashuvida Ukraina banklari va Norvegiya ham ishtirok etdi.

So‘nggi oylarda Rossiya Ukrainadagi energetika infratuzilmasi obektlariga tobora ko‘proq zarbalar yo‘naltirmoqda. Rossiya hujumlari Ukraina gaz qazib olish quvvatlarining taxminan 60 foizini yo‘q qildi. Bloomberg bahosicha, qishki mavsumda mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Kiyevga yonilg‘i import qilishga 1,9 milliard yevro sarflashga to‘g‘ri keladi.

Gretsiyadan so‘ng Zelenskiyning Fransiya va Ispaniyaga tashriflari rejalashtirilgan. Uchala mamlakatdagi muzokaralarning asosiy mavzulari — Ukrainani Rossiyadan harbiy jihatdan himoya qilish, qo‘shimcha qurol yetkazib berish va Ukrainaga energiya resurslari taqdim etish masalalaridir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid