O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari Ko‘ksaroy qarorgohida ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari mustahkamligining yaqqol ifodasi ekanini ta’kidladi.

Muzokaralarda O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi. Savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi va boshqa muhim sohalarda erishilgan natijalarga yuqori baho berildi.

– Shubhasiz, ushbu yutuqlarda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan hissasi bor, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi ikki baravarga oshib, 1 milliard dollardan oshib ketgani qayd etildi. Mahsulotlar turini kengaytirish, erkin savdo rejimidan samarali foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

“Shovot–Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga qaratilgan muhim loyiha sifatida qayd etildi. Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda “Olot–Farab” hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va talab yuqori bo‘lgan boshqa tovarlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarga biznes doiralarini faol jalb etish muhimligi urg‘u bilan ta’kidlandi.

Energetika sohasida shakllangan samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Transport sohasi ikki mamlakat iqtisodiyotlarini bog‘laydigan muhim bo‘g‘in ekanligi ta’kidlandi. Yuk tashish hajmi o‘sib borayotgani, bojxona-logistika tartib-taomillari soddalashtirilayotgani qayd etildi. Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldi.