18 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish yuzasidan axborot berildi.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, 2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolar soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetgan.
Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etildi. Hozir 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘p. Xususan, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovora bo‘lmoqda.
Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanida Xorijga ishga tayyorlash markazi, Termiz shahrida Yagona migratsiya xizmatlari markazi tashkil etiladi.
Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.
So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paygani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
















