Jamiyat | 15:41 / 26.11.2025
1612
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb etishga qiziqish bildiryapti

Bratislava shahrida bo‘lib o‘tgan «Barqaror mehnat migratsiyasi amaliy qadamlarda» konferensiyasida Slovakiya mehnat bozoridagi ishchi kuchi tanqisligini qoplash doirasida O‘zbekistondan mehnatga layoqatli va uyushgan ishchi kuchini qonuniy ravishda jalb etishga qiziqish bildirildi.

Foto:

Bratislava shahrida Slovakiya Mehnat, ijtimoiy masalalar va oila vazirligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tomonidan «Barqaror mehnat migratsiyasi amaliy qadamlarda» konferensiyasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Anjuman mehnat migratsiyasini ikki tomonlama boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlarni muhokama qilishga, shuningdek, ushbu sohadagi siyosat, dasturlar va tendensiyalarni tahlil etishga qaratildi. Tadbirda Slovakiya davlat organlari, mahalliy ish beruvchilar va kasaba uyushmalari vakillari, mehnat migratsiyasi bo‘yicha mutaxassislar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Slovakiya Mehnat, ijtimoiy masalalar va oila vazirligining Xalqaro munosabatlar va Yevropa ishlari departamenti direktori Karol Yokl mamlakat ayrim muhim sohalarda jiddiy ishchi kuchi tanqisligini boshdan kechirayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2025 yil iyun oyida migratsiya bo‘yicha yangi milliy strategiya qabul qilingani, hujjat YeIga a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga ega muhojirlar uchun imkoniyatlar yaratish va tartib-qoidalarni soddalashtirishga qaratilganini ma’lum qildi.

XMTning submintaqaviy byurosi direktori Janluka Rokko o‘z nutqida tashkilot mehnat migratsiyasi sohasida barcha manfaatdor tomonlarga amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Konferensiyada O‘zbekistonning Slovakiyadagi elchisi (qarorgohi Vena shahrida) Baxtiyor Ibragimov ham so‘zga chiqdi. U o‘z chiqishida O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini rivojlantirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ularni kasbiy tayyorlash va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Slovakiya mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmasligini hisobga olgan holda, O‘zbekistondan mehnatga layoqatli va uyushgan ishchi kuchini qonuniy ravishda yuborish masalasiga alohida qiziqish bildirildi.

Diplomat o‘z nutqida O‘zbekiston tomoni mehnat migratsiyasi yo‘nalishida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab, bu hamkorlik nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki madaniy almashinuv va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Mavzuga oid