Himoya tomonidan guvoh sifatida mashhur aktyorlar Leonid Yarmolnik, Yevgeniy Tsiganov va Yuliya Snigir chiqish qilgan, avvalroq Sergey Bezrukov va Yevgeniy Mironov ham Tarasova uchun yozma tavsiyalar bergan. Ular sudda hamkasbini mas’uliyatli, mehnatsevar, haddan tashqari iste’mol qilish holatida biror marta ko‘rmaganini ta’kidlagan

Tarasova 28 avgust kuni Tel-Avivdan Moskvaga, Domodedovo aeroportiga kelganda ushlangan. Tekshiruv paytida uning veyp qurilmasi ichida 0,38 gramm gashish (kannabis) moyi aniqlangan. Bu modda Isroilda qonuniy, ammo Rossiyaga olib kirish qat’iy taqiqlangan. Qo‘zg‘atilgan ish Rossiya JKning 229.1-moddasi («giyohvand moddalar kontrabandasi») bo‘yicha yuritildi, mazkur modda bo‘yicha aktrisaga avvalroq 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish va 1 mln rublgacha jarima tahdid solayotgani xabar qilingan edi. 

5 sentabr kuni sud uni uy qamog‘iga o‘tkazish o‘rniga ayrim harakatlarini cheklash tarzida yengilroq ehtiyot chorasini tanladi: Tarasovaga internetdan foydalanish, tungi payt uydan chiqish taqiqlangan, o‘zi esa pasportini ixtiyoriy ravishda topshirgan. Sud jarayonida aktrisa o‘z aybini to‘liq tan oldi, ammo ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, veyp unga 2022 yilda Isroildagi tadbirkor tanishi tomonidan sovg‘a qilinganini, unda qonuniy kannabisning oz miqdori bor deb o‘ylaganini aytdi. Bu voqeani u «katta, ahmoqona xato» va «og‘ir saboq» deb atadi. 

Aglaya Tarasova – aktrisa Kseniya Rappoportning qizi. U tomoshabinlarga birinchi navbatda «Interny» seriali, «Lyod», «Lyod-2», «Lyod-3», «Xolop-2» filmlari va «Besprinsipnyye» serialidagi rollari orqali tanish.