O‘zbekiston | 13:00 / 28.11.2025
1126
3 daqiqa o‘qiladi

Biznesni rivojlantirish banki korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari haqida axborot berdi

9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan Aksilkorrupsiya oyligi doirasida Biznesni rivojlantirish banki ATB axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda joriy yilda bankning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi tashqi auditdan o‘tkazilib, ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb topilgani ma’lum qilindi.

Ayni paytda bankning Compliance nazorati departamenti, ishga yangi qabul qilingan va korrupsion riski yuqori xavfga ega lavozimlarda faoliyat yuritayotgan 1 359 nafar xodim “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” platformasida o‘qitilmoqda.

O‘tgan davrda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jami 106 marta o‘quv-seminarlari tashkil etildi.

Brifingda qayd etilishicha, Biznesni rivojlantirish banki xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida to‘ldirilgan deklaratsiyalar asosida 26 ta ehtimoliy, 3 ta mavjud manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, bartaraf etilgan. 

Hisobot davrida bank tizimida davlat xaridlari bo‘yicha 418 ta kontragent o‘rganildi. Shundan 417 ta kontragentga ijobiy, 1 nafar kontragentga nisbatan afillangani sababli salbiy xulosa berilgan.

Ishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida nomzodlarni lozim darajada o‘rganish va korrupsion riskini baholash tizimi joriy qilingan. Jumladan, hisobot davrida jami 1428 nafar nomzod o‘rganildi. Shundan 1336 ta ijobiy, 92 ta salbiy xulosa berildi.

Ayni paytda bankning korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xabar berishga mo‘ljallangan 4 ta aloqa kanali 24/7 rejimda ishlamoqda.

Shuningdek:

- Mijozlar uchun onlayn xizmat turlarining barchasi (kartaga ariza qoldirish, pul o‘tkazmasini amalga oshirish, pul o‘tkazmalari, valuta ayirboshlash va boshqalar) bankning mobil ilovasi orqali joriy qilindi;

- Xaridlarni amalga oshirishda barcha jarayonlar raqamlashtirildi. Kontragentlarni qo‘shimcha manbalardan o‘rganish tizimi ham joriy qilindi;

- Muammoli kreditlarni undirish jarayonlari raqamlashtirilib “Soft, hard and legal collection” tizimi joriy qilindi;

- Bankda imtiyozli kreditlar bo‘yicha arizalarni qabul qilish, rasmiylashtirish va skoring tizimlari to‘liq avtomatlashtirilgan “Biznes portal” tizimi joriy qilingan;

- Biznes-jarayonlar, manfaatlar to‘qnashuvlarini monitoring va boshqarish maqsadida “Compliance control” nazorat tizimi joriy qilingan;

- Firibgarlik xatarlarini oldini olish maqsadida “Antifrod” tizimi tatbiq etildi.

Manbaa: https://brb.uz/axborot-markazi/korrupsiyaga-qarshi-kurashish-natijalari-haqida-axborot-berildi

 Reklama huquqi asosida

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid