Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yong‘in xavfsizligi sohasida ayrim faoliyat turlari litsenziyalanadigan faoliyatlar ro‘yxatiga kiritildi
Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yong‘in xavfsizligiga oid ayrim faoliyat turlari xabardor qilish tartibidan chiqarilib, litsenziyalanadigan faoliyatlar ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston norezidenti bo‘lgan chet el yuridik shaxslarining litsenziya va ruxsatnomalar olish tartibi ham aniqlandi.
Yangi qonun (O‘RQ–1099-son, 27 noyabr 2025 yil) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq quyidagi faoliyat turlari litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi:
- yong‘inni avtomatik tarzda o‘chirish uskunalarini montaj qilish, sozlash, ta’mirlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati;
- yong‘in signalizatsiyasi qurilmalarini montaj qilish, sozlash, ta’mirlash hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati.
Ilgari ushbu faoliyat turlari yong‘in xavfsizligi sohasida xabardor qilish tartibida amalga oshirilar edi. Endilikda ular faqat tegishli litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda bajarilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Qonunda O‘zbekiston norezidenti bo‘lgan chet el yuridik shaxslari uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartibi ham belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, bunday hujjatlarni olish uchun ariza berish hamda xabardor qilish tartib-taomillari ularning O‘zbekistonda hisobga qo‘yilgan doimiy muassasasi orqali amalga oshiriladi.
Biroq, bunda istisno holat ham nazarda tutilgan. Ya’ni, tashqi iqtisodiy faoliyat va tranzit yuklarni tashish bilan bog‘liq 1 martalik harakatlarni bajarish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda ushbu chet el yuridik shaxslarining O‘zbekistonda doimiy muassasa sifatida hisobga qo‘yilishi talab etilmaydi.
Qonunda belgilanishicha, ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.