Yong‘in xavfsizligi xizmatida ishlash ko‘plarning bolaligidagi orzusi. Ko‘pchilik sharafli kasb egasi bo‘lish, muammolarni bartaraf etishni istaydi

Ma'lum bo‘lishicha, mamlakatda yildan-yilga turar va noturar joylarning soni ko‘payib borishiga qaramay, so‘nggi o‘n yilda sodir bo‘lgan yong‘inlar, ularda halok bo‘lgan va tan jarohati olganlar soni kamayib bormoqda. Masalan, 2008 yilda 14725ta yong‘in bartaraf etilgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib, bu raqam 12705tani tashkil etdi. Vafot etganlar soni 218 nafardan 159 nafarga kamayib, so‘nggi besh yilda sodir bo‘lgan yong‘inlarning 80 foizi boshlang‘ich davrida bartaraf etildi. Natijada 399 nafar kishining hayoti saqlab qolindi.

Kun.uz mas'uliyatli va olijanob kasbda faoliyat olib borayotgan, Toshkent shahar Yunusobod tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimi Jamoliddin Hayitmatov bilan suhbat qurib, o‘t o‘chiruvchining mulohazalariga qiziqdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«1998 yil iyul oyida, harbiy xizmatdan qaytganimda, harbiylashtirilgan 18-yong‘in xavfsizlik qismida ilk faoliyatimni yong‘in o‘chiruvchi lavozimida boshladim. Harbiy xizmatni o‘tash davomida yong‘inni bartaraf etish ishida ishtirok etib, shu kasbga qiziqish paydo bo‘lgandi. Keyinroq, shu sohani tanlab, hujjatlarni topshirdim», - deb eslaydi suhbatdosh. 

Toshkent shahar Yunusobod tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimi Jamoliddin Hayitmatov

Jamoliddinning aytishicha, «yaxshi yong‘in o‘chiruvchi muntazam mashqlarda toblanadi, tayyorgarlik, sinovlardan o‘tgan odamgina yong‘in o‘chiruvchi bo‘la oladi». 

«Faoliyatimga 20 yil to‘lgan bo‘lsa, yong‘in o‘chiruvchilikdan katta yong‘in o‘chiruvchi, bo‘linma komandiri etib tayinlandim. Bizda har kuni belgilangan mashq vaqti bor. Mashg‘ulotlarda iloji boricha yigitlarni toblashga harakat qilamiz. Yong‘inga qarshi kurash ham jang maydoniga kirganday gap: qancha tez o‘chirsangiz, shunchalik sizga foyda ko‘p. Yong‘inni bartaraf etish bir kishining ishi emas, individual mahorat bilan hech kim buni hal etolmaydi. Smena boshlig‘idan tortib, to yong‘in o‘chiruvchi, haydovchigacha, bu masalaga misol bo‘ladi.