DW xabariga koʻra, Ukraina Energetika vazirligi va Kiyev meri Vitaliy Klichko bu haqda 15-oktabr kechqurun maʼlum qilgan.
Vazirlik taʼmirlash brigadalari xavfsizlik sharoiti imkon berishi bilan elektr taʼminotini tiklashga kirishishini bildirgan. Klichkoning aytishicha, Kiyev viloyatidagi energetika obyektlari shikastlanishi poytaxtning ayrim hududlarida suv bosimi pasayishiga ham sabab boʻlgan.
Shu kuni kechqurun Rossiya qoʻshinlari Volin viloyatiga ham hujum qilgan. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Roman Romanyukning maʼlum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari uchta reaktiv dronni urib tushirgan.
Urib tushirilgan dronlar parchalari elektr uzatish liniyalarini shikastlagan. Natijada Lutskda elektr va suv taʼminotida uzilishlar yuzaga kelgan.
Ayni paytda The New York Times Rossiya Kiyev, Xarkiv va Odessaning energetika tizimlarini ishdan chiqarishga qaratilgan hujumlar rejasini tayyorlagani haqida yozdi. Gazeta Ukraina kuz boshida yevropalik rasmiylarga taqdim etgan, qoʻlga kiritilgani aytilgan hujum rejasiga tayangan.
Nashr keltirgan baholarga koʻra, reja amalga oshirilsa, ushbu shaharlar elektr quvvatlarining qariyb 90 foizini yoʻqotishi, issiqlik taʼminoti ham keskin qisqarishi mumkin. Suv va kanalizatsiya tizimlarida ham jiddiy uzilishlar yuz berishi ehtimoli qayd etilgan. Bu raqamlar hozirgi zararni emas, ehtimoliy oqibatlarni ifodalaydi.
Gazeta manbalari Rossiya Ukrainadagi havo hujumidan mudofaa vositalari, ayniqsa Patriot tizimi uchun raketalar yetishmasligidan foydalanishi mumkinligini bildirgan.















