Texnologiya | 10:41 / 01.12.2025
3086
2 daqiqa o‘qiladi

Pavel Durov 100 foiz maxfiy Cocoon SI-tarmog‘i haqida e’lon qildi

Pavel Durov sun’iy intellektga bo‘lgan so‘rovlarni qayta ishlash uchun hisoblash tarmog‘ini ishga tushirgani haqida xabar qildi. Uning aytishicha, Cocoon nomi berilgan tarmoq 100 foiz maxfiylikni ta’minlaydi, uning xizmatlari esa raqobatchilarnikiga qaraganda arzonroq.

Foto: Videodan kadr

Telegram asoschisi Pavel Durov yakshanba kuni, 30 noyabrda, Cocoon («Kokon») nomli sun’iy intellekt hisoblashlari uchun mo‘ljallangan tarmoqni ishga tushirgani haqida e’lon qildi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tarmoq foydalanuvchilarga sun’iy intellektdan foydalanishda 100 foiz maxfiylikni ta’minlaydi.

«Ishlab chiquvchilar Microsoft yoki Amazon kabi markazlashgan provayderlarga nisbatan arzonroq tariflarda hisoblash resurslaridan foydalanish imkonini oladi. Videokarta egalari esa o‘z uskunalarini Cocoon tarmog‘iga ulagan holda, real vaqt rejimida TON kriptovalutasida daromad topishi mumkin», — deb yozdi tadbirkor.

Durovning qayd etishicha, Telegram’da xabarlarni avtomatik tarjima qilish bilan bog‘liq ayrim so‘rovlar allaqachon ushbu yangi tarmoq orqali o‘tmoqda.

6 iyul kuni Durov tomonidan tashkil etilgan blokcheyn-platforma TON kriptovaluta sohiblariga Birlashgan Arab Amirliklarida 10 yillik «oltin viza» olish imkonini beradi, degan da’vo bilan maxsus dastur ishga tushirilganini e’lon qildi. Go‘yoki bunday viza olish uchun Toncoin’ga 100 ming dollar sarmoya kiritish va yana 35 ming dollar komissiya to‘lash kerak. Kompaniya saytida «oltin viza»ga hujjat topshirilganidan so‘ng yetti haftadan kamroq muddatda ega bo‘lish mumkinligi, shuningdek, ushbu viza orqali er yoki xotin, farzandlar, ota-onani ham Amirliklarga ko‘chirish mumkinligi aytilgan edi. Bu xabarlar fonida Toncoin kursi 12 foizga oshgan.

Biroq BAA hokimiyati bu ma’lumotni rad etdi. Federal identifikatsiya va fuqarolik boshqarmasi (ICP), Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha boshqarma (SCA) va Dubay virtual aktivlar regulyatori (VARA)ning qo‘shma bayonotida raqamli aktivlarga investitsiyalar «oltin viza» olish uchun rasmiy tasdiqlangan mezonlar ro‘yxatiga kirmasligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid