Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvining qaroriga muvofiq “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga o‘zgarishlar kiritilib, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarga banklarda hisobvaraqlarni mustaqil ravishda ochishga ruxsat berilgan. Endi ular ota-ona yoki vasiysiz ham shaxsiy hisobvaraq va unga bog‘langan bank kartasiga ega bo‘lishi mumkin.
Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida “Yangi ro‘yxatdan o‘tish”, “Parolni qayta tiklash” va “Akkauntga boshqa qurilmadan kirish” kabi amaliyotlarda biometrik identifikatsiyadan o‘tish tartibi joriy etilgani ta’kidlandi. Ayni shu tartib ayrim voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun qiyinchiliklar tug‘dirayotgani inobatga olingan.
Shu munosabat bilan Markaziy bank tomonidan banklar va to‘lov tashkilotlariga xatarlarni boshqarish siyosati asosida voyaga yetmaganlar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lov imkoniyatini taqdim etish, biroq yuqori xatarli amaliyotlar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmlarini saqlab qolish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.
Markaziy bank qisqa muddat ichida voyaga yetmagan shaxslar banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalari orqali o‘z bank kartalaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.











