Dekabr oyining boshida Humans atrofidagi mojaro yanada avj oldi. 4-8 dekabr kunlari kompaniyaning mobil ilovasiga ulangan bank kartalaridan millionlab pullar ommaviy ravishda yechib olindi. Karta hisob raqamidan pullari o‘g‘rilangan bir necha fuqarolar misqollab topgan mablag‘i qachon va kim tomonidan qaytarilishi bo‘yicha aniq javob izlamoqda.

So‘nggi oylarda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq bahsli holatlar nihoyatda ko‘paydi. Xususan, 4-8 dekabr kunlari kompaniya ilovasiga ulangan yuzlab fuqarolarning plastik kartalaridan tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olindi. Kun.uz bilan bog‘langan murojaatchilar katta miqdorda pulidan ayrilgani, na Humans vakillari, na nazorat qiluvchi tashkilotlar tomonidan ularga tayinli javob berilmayotganidan norozi bo‘lishyapti.

Jabrlanuvchi Ibragim Salaxovning ta’kidlashicha, 8 dekabr kuni tunda uning kartasidan pul yechish boshlangan.

«Dastlab 5-10 daqiqa oralig‘ida 5 mln so‘mdan 4 marta pul yechilgan. Keyin 1 mln so‘mdan yechish boshlangan. Orada 1 mln so‘m qayta kartaga kelib ham tushgan. Umumiy hisobda mendan 23 mln so‘m yechib olingan. Bu narsa tungi 24:00 dan boshlangan bo‘lsa, ertalab 08:30 gacha davom etgan», deydi u.

Boshqa bir jabrlanuvchi Xayrulla Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, pul yechish 5 dekabrdan boshlangan. Undan 6 dekabr kuni 12:13 da 804 ming so‘m pul yechilgan.

«O‘tirgan joyimda SMS keldi. Qaraganimda hech qanaqa SMS-kod kelmagan, faqat Humans ilovasi orqali pul yechilgani ma’lum bo‘ldi. Shu joyning o‘zida 102 qildim. Kompaniyaning Instagram sahifasiga kirganimda jabrlanganlar ko‘p ekanligini ko‘rdim. Telegramda “Stop Humans” degan gruppa ochdim. 7-8 dekabr kunlari odam yig‘ilishi tezlashib ketdi”, deydi Qosimov.

Murojaatchi Ilhom Niyozqulovga ko‘ra, uning kartasida 12 mln 750 ming so‘m pul bo‘lgan. 6 dekabr kuni soat 18:23 dan boshlab 16 urinishda 12 mln 238 ming so‘m pul yechib olingan.