Markaziy bankning ta’kidlashicha, omonat foizlarini soliqqa tortish haqidagi fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan bo‘lib, u rasmiy tashabbus yoki taklif hisoblanmaydi.
Qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni muntazam o‘rganib, turli tahliliy takliflarni ishlab chiqishi tabiiy jarayon hisoblanadi. Mazkur fikr ham aynan ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida bildirilgan.
Markaziy bank, shuningdek, iqtisodiy va moliyaviy sohadagi har qanday taklifni ko‘rib chiqishda uning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasiga hamda mamlakat moliyaviy barqarorligiga ehtimoliy ta’sirini kompleks baholashga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi.











