Rossiyaning soyadagi floti Qora dengizda hujumga uchrashi ortidan, Vladimir Putin yana Ukrainani “dengizdan uzib qo‘yish” bilan tahdid qildi. “Shunda umuman qaroqchilik bilan shug‘ullana olishmaydi”, dedi u. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Qora dengiz frontini muhokama qilishdi.

Rossiya Ukrainani Qora dengizdan uzib qo‘yish salohiyatiga egami?

Abduvali Soyibnazarov: Rossiya ma’lum harbiy va strategik imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, Ukrainani to‘liq ravishda Qora dengizdan uzib qo‘yish hozircha imkoniyatlari doirasidan tashqarida. Bu nihoyatda murakkab vazifa. Biroq Rossiya Ukrainani Azov dengizidan uzishga erishdi. 2022 yil fevral oyidagi bosqin ortidan Rossiya Zaporojye va Xerson viloyatlarining bir qator janubiy hududlarini egallab oldi, shuningdek Berdyansk va Mariupolni qo‘lga kiritdi. Bu shaharlarda joylashgan portlar Ukraina uchun Azov dengiziga chiqadigan asosiy yo‘llar bo‘lib, Rossiya ularni nazoratiga olib, Ukrainani Azov dengiziga chiqish imkonidan mahrum qildi. Bu Rossiyaning muhim yutuqlaridan biridir.

Bundan tashqari, Qrim ham strategik ahamiyatga ega. Rossiya 2014 yilda Qrimni bosib olganidan so‘ng, Qora dengiz qirg‘oqlarida yirik hududlarni nazorat qila boshladi. Hozir esa Rossiyaning navbatdagi asosiy strategik maqsadlaridan biri – Odessa va Nikolayevni qo‘lga kiritish. Bu hududlar nihoyatda muhim strategik ahamiyatga ega. Agar Rossiya bunga erishsa, Ukraina deyarli “quruqlik davlati”ga aylanib qoladi.

Rossiya avvalroq Nikolayev orqali Odessani egallashga uringan, biroq kuchli qarshilikka duch kelib, og‘ir yo‘qotishlarga uchradi. Shundan so‘ng Rossiyaning bu ikki shaharga bostirib kirish bo‘yicha harakatlari muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Bu esa Ukraina mudofaasi bu yo‘nalishlarda mustahkam ekanini ko‘rsatadi.

Hozircha Rossiyaning quruqlikdan Odessaga borish imkoniyati yo‘q. Qora dengiz flotiga sezilarli zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, Rossiya hanuz Qora dengizda Ukraina atrofini qisman qurshab olish imkoniyatiga ega. Ammo mavjud sharoitda Odessa va Nikolayevni qo‘lga kiritishi ehtimoldan yiroq. Bundan tashqari, Janubiy Bug daryosi hududidagi suv to‘siqlari ham Rossiyaning harakatlanishini cheklaydi.

Xulosa qilib aytganda, Rossiya dengizdan turib blokadani qisman amalga oshirishi mumkin, ammo Odessa va Nikolayevni egallash hozirgi paytda juda qiyin. Bu esa Ukraina uchun strategik jihatdan nihoyatda muhim, chunki mamlakatning asosiy eksporti va importi aynan shu portlar orqali amalga oshiriladi. Shu bois Ukraina bu yo‘nalishlarda taslim bo‘lishi ehtimoldan yiroq.