Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aston Martin yarim asr uyda zanglab yotdi, endi esa u million funtga baholanmoqda
1960-yillarda ishlab chiqarilgan, Jyeyms Bondning sarguzashtlari haqidagi filmlar tufayli shuhrat qozongan Aston Martin DB5 ko‘p yillar mobaynida o‘z egasining uyida zanglab yotgan. Mahalla bolalari uning ustida o‘ynashgan, mashina eskirib, deyarli to‘kilib tushgandi. Ammo endi, restavratsiyadan keyin, u 1 million funt turadi.
Dominic Fraser/Aston Martin Works
Uelsning Flinshir grafligi Mold shahrida yashovchi 71 yoshli Jon Uilyams minilgan DB5’ni 1973 yilda 985 funtga (bugungi kunda 15 ming funtga teng) sotib olgandi.
U «Goldfinger» va «Gromoboy» filmlari orqali mashhur bo‘lib ketgan bu avtomobilni oxirgi bor 20 yoshdan o‘tganida mingandi. Shundan keyin mashinani uyi oldida zanglab yotish uchun qoldiradi.
Endi Uilyams avtomobilni Aston Martin’ning Bakinghemshirdagi zavodida to‘liq qayta ta’mirdan chiqarish uchun 400 ming funt sarfladi, bu ish uchun ustalar 2500 soat davomida ish olib borishdi.
Mashinaga bir qarashda muhabbat
Uilyams sakkiz yoshida o‘yinchoq mashina sovg‘a qilishganidayoq Aston Martin’ga ishqi tushib qolgandi, 19 yoshigacha u o‘zi uchun minilgan DB5 sotib olishga yetarli bo‘lgan mablag‘ jamg‘aradi.
Ammo 1970-yillar oxirida u ishlash uchun Yaqin Sharq mamlakatlariga yo‘l oladi. DB5 avvaliga saqlash uchun omborga yuboriladi, keyin esa yo‘l chetida turib qoladi va asta-sekinlik bilan xarob ahvolga tushadi.
«Qo‘shni bolalar kapotda sakrashardi va biz ularni so‘kardik, – deydi uning rafiqasi Syuzan. – Keyin ulardan biri tomda sakrayotib, „U ishlayaptimi?» deydi, chunki u Bond haqidagi filmni ko‘rgan va u ko‘tariladi deb o‘ylagan».
1963 yildan 1965 yilgacha DB5 rusumli jami 1022 ta avtomobil ishlab chiqarilgan. Ular Jeyms Bond haqidagi filmlar (o‘sha yillarda bosh qahramonni Shon Konneri ijro etgan) tufayli shuhrat qozongan.
Uilyamsga tegishli bo‘lgan kumush-to‘qsariq rangli DB5 Vantage hozirda saqlanib qolgan 39 ta shunday mashinadan biridir.
Bugungi kunda hatto haydashga yaroqsiz holda bo‘lgan Aston Martin’ni 500 ming funt to‘lab sotib olishga tayyor kishilar bor edi va er-xotin uni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
Takliflar yetarlicha edi.
Syuzan shunday qo‘shimcha qiladi: «Pul va real takliflar paydo bo‘lgach, oshxonada o‘tirganimizda u „Sen nima deb o‘ylaysan?“ deb so‘radi. Men „Bunday taklif boshqa bo‘lmasligi“ni aytdim. U shunda dedi: „Yo‘q, biz uni sotmaymiz“».
Noldan qurish osonroqmidi?
Qaror qabul qilinadi va ular uch yil davom etgan restavratsiya pulini to‘lash uchun hamma narsadan tejab, pul jamg‘arishadi.
Marc Bow/Timbuktu Content
Mutaxassislar qandaydir yo‘l bilan ichkarida paydo bo‘lib qolgan sichqon inini olib tashlab, mashinaning qismlarini almashtirish va asl rangini tiklash uchun 2500 soat vaqt sarflashdi.
Er-xotin Nyuport-Pagnelldagi ustaxonaga borib, ishning borishini kuzatib turishardi.
Ishlar yakunida avtomobil ishlab chiqaruvchisi uning narxini 1 mln funtga baholadi.
Aston Martin brendi tarixchisi Stiv Uoddinghem shunday deydi: «Ehtimol, mashinani noldan qurish osonroq bo‘lar edi, ammo bunchalik zanglab ketgan avtomobilni ta’mirlash va unga yangi qismlarni o‘rnatish uchun katta mahorat va sabr-toqat talab qilingan».
Marc Bow/Timbuktu Content
Uning fikricha, bu shunga arziydi: «Bu juda ajoyib avtomobil – uning hidi, u bag‘ishlaydigan hissiyot, u chiqaradigan ovoz. Bu mashinalar o‘ziga xos va filmlardagi mashhur sahnalarni yodga soladi».
45 yildan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta avtomobilda sayohat qilgandan so‘ng, Jon shunday dedi: «U hozir zavoddan chiqqanidan ko‘ra yaxshiroq holatda bo‘lsa kerak. Bu juda ajoyib. Bugun men o‘zimni yana 27 yoshdagidek his qilyapman».
Syuzan ham turmush o‘rtog‘i bilan birinchi safaridan zavq olganini aytadi: «Mashina ajoyib ovoz chiqarardi. Keyin u biroz tezlashganida men shunday o‘yladim: „Ha, tezroq hayda. Uning nimaga qodirligini ko‘raylik“».
Dominic Fraser/Aston Martin Works
Jon ko‘p yillik orzusiga erishgan bo‘lsa-da, bu mashinani muntazam haydab yurmoqchi emasligini aytadi: «Uni istalgan joyga haydab, duch kelgan joyda qoldirib bo‘lmaydi. Ob-havoni hisobga olish kerak. Men uni katta ko‘lmaklar ustidan haydab o‘tmoqchi emasman. Men bir safar uni e’tiborsiz qoldirdim va bu holatni boshqa takrorlamoqchi emasman».
Mavzuga oid
22:11 / 23.09.2021
Aktyor Deniel Kreygga o‘z qahramoni Jyeyms Bond kabi faxriy kommander unvoni berildi
18:40 / 07.03.2021
Aston Martin elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
22:14 / 27.01.2021
Jyeyms Bond haqidagi film premerasi Nokia smartfoni sababli kechiktirildi
23:33 / 11.08.2020