Jahon | 14:31 / 12.12.2025
2176
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniyada Rossiya manfaati uchun faoliyat yuritgan siyosatchilar qamoqqa hukm qilindi

Rossiyaparast qarashlarga ega bo‘lgan ikki eston siyosatchisi va RF fuqarosi Estoniyaga qarshi faoliyat va davlatga xiyonat ishlari doirasida tegishlicha 11 va 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Eng uzoq muddat - 14 yil - Ayvo Petersonga berildi.

Foto: AP

Estoniyadagi Xaryu sudi payshanba, 11 dekabr kuni rossiyaparast siyosatchilar Ayvo Peterson va Dmitriy Rootsini davlatga xiyonat ishi bo‘yicha tegishlicha 14 va 11 yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi, RF fuqarosi Andrey Andronov esa Estoniyaga qarshi faoliyatda ishtirok etgani uchun 11 yil qamoq jazosiga hukm etildi.

Barcha shaxslar 2023 yil mart oyida qo‘lga olingan edi. Sud xulosasiga ko‘ra, 2021 yilda tuzilgan konservativ Koos («Birgalikda») harakatining yetakchilaridan biri hisoblangan Peterson va Rootsi Rossiyaga Estoniya siyosatiga ta’sir o‘tkazishda yordam bergan. Ta’kidlanishicha, aynan Rootsi orqali Peterson Rossiya davlat organlari bilan aloqa o‘rnatgan va Davlat dumasiga kiruvchi partiya vakillari bilan uchrashuv rejalashtirilgan.

Har ikkalasiga ham Koos partiya sifatida 2023 yil may oyida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng «fuqarolar mudofaa tashkiloti» tuzishni rejalashtirganlik ayblari qo‘yildi. Peterson rejalariga ko‘ra, u «Donbassdagi xayriya tashkilotlariga o‘xshash tarzda» «inqiroz sharoitida odamlarga yordam ko‘rsatishi va hokimiyat bo‘shlig‘i sharoitida o‘zini o‘zi muhofaza qilish vazifalarini bajarishi» kerak edi. Tashkilot tarkibiga, jumladan, «harbiy-mudofaa tuzilmalari vakillari» ham kirishi rejalashtirilgan. Sud Rossiya uning tuzilishi bo‘yicha ko‘rsatma bergani haqida dalil topmaganini alohida qayd etdi.

RF fuqarosi Andrey Andronov Estoniya sudi tomonidan Ukrainada urush davomida Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarga rossiyaparast qarashlarga ega bo‘lgan xorijliklar uchun press-turlar uyushtirgani uchun aybdor, deb topildi. Ayvo Peterson ushbu safarlarda ishtirok etgan va keyinchalik Moskva harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi materiallar e’lon qilgan. Jumladan, u Rossiya okkupatsiya qilgan Mariupol va Donetskka borgan, shuningdek, RF Mudofaa vazirligiga tegishli «Zvezda» telekanali efirlarida chiqish qilgan.

Sud xulosalariga ko‘ra, Petersonning «urish haqidagi qo‘rqinchli postlari» g‘arb va eston auditoriyasini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga undashi, shuningdek, bu auditoriyada NATO va Estoniya mudofaa qobiliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi kerak edi.

Shu kabi fikrlar Peterson ishtirok etgan «bir necha rus targ‘ibot dasturlarida» ham takrorlangan. Alohida ta’kidlanishicha, u Rossiya tomoni bilan muloqot chog‘ida o‘zini siyosatchi, kelajakdagi partiya raisi va Estoniya parlamentiga nomzod sifatida tanishtirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid