Muzokaralardagi eng chigal va bahsli mavzu Donbass bo‘lib qolmoqda. Moskva talqinicha, DXR va LXR aholisi go‘yoki Rossiyaga qo‘shilishni xohlayotganini iddao qilgan, ammo aynan shu hududlar eng ko‘p bombardimon qilinmoqda. Hind jurnalistining Putinga bergan savoli bu paradoksni yana muhokamaga olib chiqdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Donbass masalasida fikr almashishdi.
— Hindistonlik jurnalist Putindan nima uchun Donbassdagi rusiyzabon va Rossiyani qo‘llovchi ukrainlarning uylarini yakson qilayotganini so‘radi. Shu savolga biz ham to‘xtalsak. Nima uchun?
Kamoliddin Rabbimov: Bu savol Putinning jahlini chiqardi. Lekin jurnalist mantiqan juda to‘g‘ri savolni qo‘ydi: agar bu hududlarda “rus sivilizatsiyasi” va etnik ruslar yashayotgan bo‘lsa, nega aynan o‘sha shaharlar vayron qilindi? Putin esa odatdagidek javobni “Kiyev xuntasi” degan siyosiy qolipga olib o‘tdi. Avtokratik boshqaruv uslubiga xos ravishda, u o‘z harakatlarini oqlash uchun bosim va agressiv ritorikadan foydalandi. Jurnalistning dovdirab qolishi aynan mana shu psixologik bosim bilan bog‘liq edi.
Aslida esa savol ochiq qolmoqda: Donbassdagi shaharlarning qaysi biri bugun butun holda saqlanib qoldi? Qaysi bino, qaysi infratuzilma urushdan omon chiqdi? Rossiya “himoya qilyapmiz” deya iddao qilgan hududlarini aynan o‘zi vayron qildi. Bu holat Rossiyaning ichki ahvoli bilan ham chambarchas bog‘liq. Masalan, rossiyalik blogerlar Vorkuta shahrini ko‘rsatyapti, Moskvadan 200–300 kilometr shimolda joylashgan bu shaharda bugun hayot deyarli so‘nib bo‘lgan: maktablar bo‘sh, jamoat transporti ishlamaydi, infratuzilma yemirilgan.
Biz ko‘pincha Rossiyani Moskva va Sankt-Peterburg orqali tasavvur qilamiz, ammo mamlakatning ichki hududlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ancha og‘ir. Shu holatda tabiiy savol tug‘iladi: agar Rossiya ishg‘ol qilingan ukrain hududlarini rasman o‘ziga qo‘shsa ham, ularni qaysi mablag‘ evaziga tiklaydi? Axir Rossiya o‘zining ichki shaharlarini ham o‘nlab yillardan beri qayta qurishga kuch topa olmayapti.
To‘g‘ri, siyosiy iroda bo‘lsa, ko‘z-ko‘z qilish uchun ayrim narsalar qilinadi. Rossiya milliardlab mablag‘ evaziga Qrim ko‘prigini qurdi. Bu esa Rossiya tashqi dunyoga qudratini namoyish qilish uchun ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor, ammo ichki ijtimoiy muammolar ko‘pincha ikkinchi planda qolayotganini ko‘rsatadi.








