JIB Yakkasaroy tuman sudida “Bilol's motors” avtosaloni rahbari Bilol Mamajonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

1989 yilda tug‘ilgan Bilol Mamajonov Toshkent shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Bilol’s electric motors” MChJning ta’sischisi va rahbari bo‘lgan. MChJ avtomobillar va yengil motorli transport vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Bilol Mamajonovga nisbatan firibgarlik aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u 2024 yil dekabr oyida qamoqqa olingan.  

Sud hukmida keltirilishicha, Bilol Mamajonov sheriklari bilan (jinoyat ishining ularga oid qismi alohida ish yurituviga olingan) til biriktirib, mashina olib berish aldovi asosida fuqarolar pulini o‘zlashtirgan. Ammo va’dasini bajarmasdan, mashina uchun to‘lov qilingan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Jumladan, Bilol Mamajonov jabrlanuvchi F.S.ga “30 ish kuni, ko‘pi bilan 80 kun mobaynida BYD song plus Champion rusumli avtomashina sotib olib berishi haqida”gi yolg‘on ma’lumot berib, uni aldagan. Avtosalon rahbariga ishongan fuqaro 2024 yil 17 avgustda  shartnomani tuzib, jami 328 mln so‘m to‘lagan. Ammo Bilol Mamajonov bergan va’dasini bajarmasdan, to‘langan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflagan. 

Shu tariqa Bilol Mamajonov va uning sheriklari 48 ta holatda Xitoydan BYD song plus Champion, BYD yuan Up, BYD sea Lion, BYD E2, Lepmotor C16, Hongqi E-QM5, Lixiang L9 kabi mashinalarni keltirib berish aldovi bilan jabrlanuvchilarni qariyb 13 mlrd so‘mga chuv tushirgan.     

Bilol Mamajonov sudda aybiga iqror bo‘lmagan va pullarni Xitoydan mashina olib kelish uchun Vang ismli shaxsga berganini aytgan.   

Jamiyat hisobraqamiga to‘langan pullarni moddiy yordam ko‘rinishida o‘zimga tegishli bo‘lgan bank plastik kartasiga tushirgan holda naqdlashtirib olganman hamda barchasini avtomashina olib kelib berishi uchun xitoylik Vang ismli shaxsga berib yuborganman. Pullarni Vangga berganimni tasdiqlovchi dalillarim mavjud emas.

Vang bilan 2024 yil boshida tanishganman. U men rahbarlik qilib kelgan “Bilol’s electric motors” MChJ ofisiga kelib turgan. Menga arzon narxlarda avtomashina olib kelishini aytgan. Men mijozlarga mashinalarni 80 yoki 85 ish kunida olib kelishimni aytib, shartnomani tuzganman. Ushbu holat shartnomada ham o‘z aksini topgan. Jamiyatimda 1 nafar xodim ishlagan. Mijozlardan pulni o‘zim olganman. Ayrim holda Kamila ismli xodimim naqd ko‘rinishda olgan, biroq men undan ushbu pullarni olganman. Xodimlarimning ushbu pullarga umuman aloqasi yo‘q.