Sidneydagi Bondi plyajida yahudiylarning Hanuki bayrami vaqtidagi terakt 50 yoshli ota va uning 24 yoshli o‘g‘li tomonidan sodir etilgan. Bu haqda Yangi Janubiy Uels shtati politsiyasi komissari Mel Lenon ma’lum qildi. Ota politsiyachilar bilan otishma chog‘ida halok bo‘lgan, o‘g‘il o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Avstraliyadagi ABC telekanali hujum ijrochilarining shaxsini ochiqladi – Sajid Akrom (ota) va Navid Akrom (o‘g‘il).

Politsiya komissarining so‘zlariga ko‘ra, Sajid Akrom o‘qchilar klubi a’zosi bo‘lgan. U 2015 yildan buyon ov uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurol litsenziyasiga ega bo‘lgan. U hujum amalga oshirilgan joyga litsenziyasi bor oltita miltiq olib kelgan.

Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berkning aytishicha, Sajid Akrom mamlakatga 1998 yilda talabalik vizasi bilan kelgan, 2001 yilda uylanib, oilaviy vizali bo‘lgan va doimiy yashash ruxsatnomasini qo‘lga kiritgan. Uning o‘g‘li tug‘ilgandan Avstraliya fuqarosiga aylangan. Sajid Akrom Avstraliyaga qaysi mamlakatdan kelganiga aniqlik kiritilmagan.

ABC o‘z manbasiga asoslanib, 2019 yilda Avstraliya razvedka xizmati (ASIO) Navid Akromni IShID terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumonlaganini xabar qilgan. O‘shanda Sidneyda IShID a’zosi Ishoq al-Matari qo‘lga olinganida u ham so‘roq qilingan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Akrom ushbu terrorchilik guruhining Avstraliyadagi bo‘limi rahbari hisoblangan Matari bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha birlashgan guruh (JCTT) tergovchilari Sajid Akrom va uning o‘g‘li IShIDga bay’at qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Otishma sodir bo‘lgan plyajda ularning mashinasidan guruhning ikkita bayrog‘i topilgan, deb xabar bermoqda ABC manbalari.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze razvedka xizmati Navid Akromga birinchi marta 2019 yil oktyabrida qiziqib qolgani va uni keyingi olti oy mobaynida kuzatganini tasdiqlagan. Ammo maxsus xizmatlar u «doimiy tahdid manbayi emas» deb topishgan.

Terrorchilar 14 dekabr kuni kechqurun Hanukining birinchi kunida Sidneydagi Bondi plyaji hududida o‘t ochdi – u yerda birinchi shamni yoqish marosimida ishtirok etgan yahudiy jamiyati vakillari to‘plangandi. Politsiyaga mahalliy vaqt bilan soat 18:47 da otishma haqida xabar kelib tushgan. OAVda e’lon qilingan videolarda yuzlab odamlar sohildan har tarafga qochib ketayotganini ko‘rish mumkin.