O‘zbekiston | 15:07 / 16.12.2025
1363
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoat xavfsizligi qoidabuzarliklari bo‘yicha fuqarolardan foto-video qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab “Xavfsiz sanoat” axborot tizimi orqali xavfli ishlab chiqarish obektlaridagi qoidabuzarliklar haqidagi foto va videomateriallarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda xabar beruvchilarni rag‘batlantirish mexanizmi joriy etiladi.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Vazirlar Mahkamasi sanoat xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilaydi. Qaror loyihasiga muvofiq, xavfli ishlab chiqarish obektlari va texnik qurilmalardan foydalanishdagi qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni “Xavfsiz sanoat” axborot tizimi orqali qabul qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi mexanizm doirasida fuqarolar tomonidan taqdim etilgan foto va videoyozuvlar vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqiladi va qoidabuzarlik tasdiqlangan taqdirda, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. Bunda foto va videomateriallar Qo‘mitaning davlat inspektorlari tomonidan rasmiylashtirilgan materiallarga tenglashtirilishi qayd etildi.

Shuningdek, qarorda xabar bergan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor qilinmasligi belgilangan.

Qoidabuzarliklar bo‘yicha undiriladigan jarimalarning taqsimoti ham aniq ko‘rsatilgan:

— 20 foizi davlat budjetiga;
— 80 foizi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga yo‘naltiriladi.

Qarorga ko‘ra, “Xavfsiz sanoat” tizimi orqali foto va videomaterial taqdim etgan shaxslar rasmiylashtirilgan ma’muriy jarimadan jamg‘armaga undirilgan summaning 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, qo‘mita “Xavfsiz sanoat” va “Ekotizim” axborot tizimlarini qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni qabul qilish va tahlil qilish imkoniyati bilan moslashtirishi, shuningdek Ichki ishlar vazirligi va manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda 2026 yil 1 aprelga qadar elektron tizimlarni integratsiya qilishi belgilandi.

Mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq xarajatlar jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi, aholi o‘rtasida qaror mazmun-mohiyatini keng yoritish ishlari esa OAV orqali tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid