Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Odessaga ballistik raketalar bilan zarba berdi, yetti kishi halok bo‘ldi
RFning ommaviy zarbalari Odessa viloyatidagi port infratuzilmasiga yo‘naltirilganini mahalliy hokimiyat ma’lum qildi.
Foto: Reuters
Odessa viloyatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi va 15 kishi yaralandi — RF juma kuni, 19 dekabr kechqurun navbatdagi ommaviy zarbani berganidan keyin. Hujum oqibatlari haqidagi ma’lumotni Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper o‘zining Telegram kanalida tasdiqladi.
RF zarbasi Kiper nomi aytilmagan “Odessa tumanidagi port infratuzilmasi obekti”ga to‘g‘ri kelgan. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida ballistik raketalar qo‘llangan. Hujum oqibatlaridan biri — yuk mashinalari turgan avtoturargohda yong‘in chiqqan. Kiper ta’kidlashicha, favqulodda xizmatlar ishlar olib bormoqda, biroq hududda havo hujumi xavfi haqidagi ogohlantirish davom etayotgani sababli ishlar qiyin kechmoqda.
Hujum oqibatlari haqida Ukraina bosh vazirining tiklanish bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Kuleba ham fikr bildirdi. U zarbalar natijasida “yuk mashinalari va texnikalar” shikastlanganini tasdiqladi. “Dunyo bunga mos ravishda javob berishi va tajovuzkor davlatga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirishi kerak”, — deya urg‘u berdi Kuleba.
O‘sha kunga o‘tar kechasi RF qo‘shinlari Mayaki aholi punkti yaqinidagi M15 (Odessa — Reni) trassasida joylashgan transport ko‘prigiga yana zarba bergan. Zarbalar oqibatlarini baholash uchun trassaning shu qismida harakat to‘xtatilgan.
Kiper ma’lum qilishicha, fuqarolarga transport uchun muqobil yo‘nalishlar haqida axborot beriladi, ammo u odessaliklardan uni tarqatmaslikni so‘ragan — xuddi shuningdek, ko‘prikda harakat qayta tiklangani haqidagi xabarlarni ham bo‘lishmaslik kerakligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, obekt bir necha kundan beri zarbalarga uchrayapti hamda bunday xabarlar RFning infratuzilma va odamlarga qarshi qayta hujumlariga sabab bo‘lishi mumkin. “Rossiyaliklarga yordam bermang”, — dedi u.
Zarbalarga uchragan ko‘prik mintaqa uchun muhim obekt hisoblanadi — uning orqali Ukraina janubiga Dunay portlaridan yonilg‘i olib kelinadi, deb oldinroq qayd etgan Prime transport kompaniyasi asoschisi Dmitriy Levushkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik vayron bo‘lsa, aholi uchun benzin narxlari keskin oshishi mumkin.
12 dekabrdan boshlab Rossiya bir necha kun ketma-ket Odessa viloyatining energetik infratuzilmasiga zarbalar bergan. Bu zarbalar jamlanma tarzda RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri mintaqaga qilingan eng yirik hujumlardan biri bo‘lgan.
O‘sha hujumlar natijasida Odessaning katta qismida suv ta’minoti va elektr ta’minoti uzilgan, shahar jamoat transporti ham vaqtincha to‘xtagan. Shaharda hujum oqibatlarini bartaraf etish ishlari oradan bir hafta o‘tgach ham davom etgan, Odessada esa elektr energiyasini navbat bilan o‘chirish rejimi saqlanib turgan.
Mavzuga oid
23:06 / 19.12.2025
Turkiya mamlakat hududiga Rossiya droni qulaganini ma’lum qildi
22:42 / 19.12.2025
Ukraina O‘rtayer dengizida birinchi marta Rossiyaning «yashirin floti» tankeriga zarba berdi
22:17 / 19.12.2025
Putin katta matbuot anjumanini o‘tkazdi va jang maydonidagi muvaffaqiyatlarni e’lon qildi
21:57 / 19.12.2025