O‘zbekiston | 16:13 / 22.12.2025
1818
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoat zonalarida tugallanmagan obektlar yangi ishtirokchilarga beriladi

Hukumat qarori bilan sanoat zonalarida yakuniga yetkazilmagan loyihalar bo‘yicha kiritilgan investitsiyalarni baholash hamda qurilishi tugallanmagan bino-inshootlarni sarflangan mablag‘lar qoplab berilgan holda yangi ishtirokchilarga berish tartibini belgilaydigan vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Hukumat qarori (803-son, 19.12.2025 y.) bilan “Sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan yakuniga yetkazilmagan loyihalarni amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarni baholash hamda qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarda investitsiya kiritish va qurilish ishlarini amalga oshirgan sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan sarflangan mablag‘larni qoplab berish sharti bilan yangi ishtirokchilarga berish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, sanoat zonasida yakuniga yetkazilmagan loyihalarga kiritilgan investitsiyalarni baholash — investor sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yo‘qotgandan keyin, u loyiha doirasida amalga oshirgan xarajatlarni belgilangan shartlar asosida qoplab berish maqsadida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yo‘qotgan investor va direksiya o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilib, ishtirokchi tomonidan qurilishi boshlangan, ammo tugallanmagan obektlar ular qurilishiga sarflangan xarajatlarni qoplash sharti bilan direksiyaga o‘tkaziladi.

Investorning ishtirokchi maqomi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingach, yer uchastkasi qurilishi tugallanmagan obekt bilan birga direksiyaga qaytarilishi qayd etilgan.

Tartibga ko‘ra, direksiya 2 hafta ichida tugallanmagan obektni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi, keyin esa 1 oy muddatda mazkur obektni baholashdan o‘tkazishi lozim.

Obekt baholangandan so‘ng, direksiya yer uchastkasini tugallanmagan obekt bilan birgalikda yoki obekt qurilishini yakunlab, foydalanishga ruxsatnoma olingandan keyin 3 kun ichida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun elektron-onlayn auksionga joylashtiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid