Prezident raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.
Joriy yilning o‘zida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish o‘rni yaratish va 1 milliard dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash uchun imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
O‘tgan besh yilda 19 ta erkin iqtisodiy zona (ungacha atigi 3 ta bor edi) va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 10 trillion so‘mlik 1 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi.
Natijada 100 mingta ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 45 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.
Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion so‘mdan ziyod soliq tushumlarini ta’minlamoqda.
«Asosiysi, har bir tumanga sanoat kirib bordi, olis va chekka hududlarda yangi ishlab chiqarishlar paydo bo‘lmoqda», dedi prezident.
Xususan, besh yil avval sanoat umuman bo‘lmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshlab, bugungi kunda ularda sanoat hajmi 2 barobar oshdi.

Yig‘ilishda sanoat zonalarini rivojlantirish borasida hududlarda qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, 96 ta kichik sanoat zonasining bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani bois ularda 3,5 trillion so‘mlik 648 ta tayyor loyihalar boshlanmasdan turgani ta’kidlandi.
Xuddi shunday, sanoat zonalari maydonlarining 37 foizi elektr, suv, gaz, yo‘l va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagani tanqid qilindi.
Shuningdek, sanoat zonalarida loyihalarni boshlash uchun tadbirkorlar 5 ta bosqichli jarayondan o‘tib, 10 turdan ortiq hujjatlarni taqdim etishi lozim (bunga 3 oygacha vaqt sarflanmoqda).
Oqibatda hozirda Buxoroda 10 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Samarqand va Farg‘onada 1 tadan loyiha boshlanmay turibdi.
«Biz Taraqqiyot dasturimizda kelgusi besh yilda sanoatni 1,4 baravarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu – juda katta marra.
Shuning uchun, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi yangi tashabbuslar ko‘rsatishi, tadbirkorlarni topib, loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘zlarining aniq rejalariga ega bo‘lishlari zarur», dedi davlat rahbari.











