“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda ma’muriy adliya tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha maqsadlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish hamda sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish vazifasi ham qayd etilgan. Ushbu yo‘nalishda ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish natijalari ustidan sudlarga yuborilayotgan shikoyatlarning 50 foizini elektron shaklda kelib tushishiga erishish belgilangan.
Bundan tashqari, fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida yangi interaktiv xizmatlar sonini 21 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Strategiya loyihasida sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish vazifasi ham nazarda tutilgan.









