Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni maʼmuriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning navbatdagi bosqichida ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy talablar asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Yangi yondashuvlar, eng avvalo, fuqarolarning buzilgan huquqlarini amalda tiklash, davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish hamda maʼmuriy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Hozirgi tartibga koʻra, fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarini tiklash uchun maʼmuriy sudlarga faqat bitta shaklda murojaat qilish imkoniga ega. Taklif etilayotgan islohotlar natijasida esa fuqarolarga huquqi buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda taʼminlash uchun sharoit yaratiladi. Bunda sudga murojaat qilishning toʻrt turdagi daʼvo shakli joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, sudga murojaat qilish uchun belgilangan amaldagi olti oylik muddat qayta koʻrib chiqiladi. Fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilganligini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.

Amalda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjati bilan fuqaroning huquqi buzilgan taqdirda bunday hujjat ustidan maʼmuriy sudga shikoyat qilish imkoniyati mavjud emas.

Endi fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqini berish taklif etilmoqda.

Konstitutsiyaning 20-moddasiga muvofiq, davlat organlari tomonidan shaxsga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak.

Shundan kelib chiqib, maʼmuriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish, ularga fuqarolar va tadbirkorlarga taʼsir choralarini qoʻllashda davlat organlari diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasini yuklash nazarda tutilmoqda.

Sud qarorlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlashga qaratilgan taʼsirchan choralar ham nazarda tutilmoqda. Unga koʻra, davlat organining mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qoʻllanilganidan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sud qonuniy chora koʻrish uchun prokurorga xabar beradi.