O‘zbekiston | 11:57 / 06.01.2026
295
2 daqiqa o‘qiladi

Mediatorlarning kasb etikasi qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Adliya vazirligi mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Qoidalarda mediator faoliyatining asosiy prinsiplari, maxfiylik va xolislik talablari, shuningdek, taraflar bilan munosabatlardagi etik me’yorlar belgilandi. 

Foto: AP

Adliya vazirligi tomonidan mediatorlarning kasb etikasi qoidalarini tasdiqlash haqidagi hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3741, 05.01.2026). 

Qoidalarga ko‘ra, mediatorlar kasb etikasi me’yorlariga qat’iy rioya qilishi, mediatorlik faoliyatini halol va vijdonan amalga oshirishi, shuningdek, kasb sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini saqlashi lozim.

Shuningdek, mediator o‘z faoliyatini maxfiylik, ixtiyoriylik, mediatsiya taraflarining hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi hamda xolisligi prinsiplari asosida olib borishi, mediatsiya jarayonida taraflarning teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashi belgilangan.

Qoidalarda mediatorlarning taraflar bilan munosabatlardagi majburiyatlari ham ko‘rsatilgan. Jumladan, mediator taraflarga mediatsiyaning maqsadi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, mediatsiyani o‘tkazish tartibi haqida ma’lumot berishi, kasbiy malakasi va ish tajribasi to‘g‘risida ishonchli axborot taqdim etishi kerak.

Bundan tashqari, mediator taraflarga nisbatan hurmat va xushmuomalalik ko‘rsatishi, ularni nizoni hal qilishning maqbul variantlarini izlashga undashi, muzokaralar natijasini bir taraf foydasiga “ko‘zlab” ish olib bormasligi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid