Jamiyat | 18:08
627
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinadi

2026 yil yakuniga qadar begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslar nomiga tegishliligi bo‘yicha mulk va ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlari xatlovdan o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 avgustga qadar suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish imkonini beruvchi “Suv-yer-ijara” axborot tizimi ishga tushiriladi va Suv xo‘jaligi vazirligining “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Suv omborlari atrofidagi ijaraga berilgan suv fondi yerlarida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda xalqaro sertifikatlar talablariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi yo‘nalishlarda davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklanadi:

a) suv fondi yerlaridan oqilona va maqsadli foydalanishni nazorat qilish;

b) suv fondi yerlari o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldi olinishini nazorat qilish.

2026 yil yakuniga qadar begonalashtirilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslar nomiga tegishliligi bo‘yicha mulk va ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan suv fondi yerlari xatlovdan o‘tkazilib, ularga bo‘lgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi hamda ushbu yerlar suv xo‘jaligi obektlari ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladigan suv fondi yerlaridan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan vaqtincha foydalanish maqsadida tuzilgan ijara shartnomalari Davlat muassasasi hamda suv xo‘jaligi obektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan qayta ro‘yxatga olinadi.

Daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al materiallari hajmi Suv xo‘jaligi vazirligi mablag‘lari hisobidan va vazirlikning so‘roviga asosan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan texnik imkoniyatlardan kelib chiqib hisoblanadi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid