O‘zbekiston | 12:42 / 18.03.2022
11124
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish keskin oshdi. Bunga sabab nimada?

Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish sonining keskin o‘sishini o‘tgan oydan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi bilan izohlamoqda.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2022 yilning fevral oyida 128,4 ming dona avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning fevral oyiga (51,5 ming) nisbatan 149,2 foizga, joriy yilning yanvar oyiga nisbatan esa 13,4 foizga ko‘p.

Ekspertlar avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishlar sonining keskin o‘sishini o‘tgan oydan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi hamda oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat bojini bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida belgilangani bilan izohlashmoqda.

Fevral oyi davomida birlamchi bozordan sotib olingan avtomobillar soni 28,8 ming donani tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 3,2 foizga oshgan. Ikkilamchi bozorda esa ushbu ko‘rsatkich 99,6 ming donani tashkil etgan (o‘sish 16,8 foiz).

Yangi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni yanvar oyiga nisbatan Toshkent (63,2 foiz), Qashqadaryo (38,1 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (15,9 foiz) sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, Sirdaryo (27,8 foiz), Farg‘ona (22,3 foiz), Namangan (16,9 foiz), Buxoro (6,2 foiz), Surxondaryo (6,1 foiz), Samarqand (4,8 foiz), Jizzax (1,9 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (6,6 foiz) kamayish kuzatilgan.

Shuningdek, ikkilamchi bozordan sotib olingan avtotransport vositalarining eng ko‘p rasmiylashtiruvlari Samarqand – 12,5 ming (yanvar oyida – 9,7 ming), Farg‘ona – 11,8 ming (9 ming), Andijon – 10,2 ming (7,2 ming), Namangan – 9,4 ming (8,1 ming), Qashqadaryo – 8,3 ming (6,4 ming) viloyatlari va Toshkent shahrida – 11,7 ming (13,6 ming) qayd etilgan.

Avvalroq, 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig‘imlar bekor qilingani xabar qilingandi. Bunga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig‘im to‘lanardi.

Mavzuga oid