Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xarkivga 5 ta ballistik raketa zarbasi, Dniproga dronlar hujumi
Xarkiv shahri meri Igor Terexov energetika infratuzilmasiga beshta raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. Dniproda esa AQSh kompaniyasiga tegishli zavodga hujum oqibatida yo‘llarga 300 tonna kungaboqar moyi to‘kilib ketgan.
Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati
Rossiya armiyasi dushanba kuni, 5 yanvar tush payti Xarkivning energetika infratuzilmasiga beshta raketa zarbasi berdi, deb xabar qildi shahar meri Igor Terexov Telegram’da. “Juda katta darajada shikastlar bor”, — dedi u va zarbalar Slobodskoy tumanidagi sanoat hududiga to‘g‘ri kelganini qo‘shimcha qildi. Xarkiv viloyati prokuraturasi aniqlashtirishicha, hujum natijasida zarba berilgan joy yaqinida joylashgan korxonada ishlovchi 58 yoshli xodim yaralangan.
Terexov zarba ballistik raketalar bilan berilganini ham aytdi. “Himoyani kuchaytirish mumkin: beton, metall, panohgohlar… Lekin hech qanday beton konstruksiya beshta ballistik raketaga bardosh berolmaydi… Bu zarba faqat obektlarga emas. Bu issiqlikka, suvga, odamlarning oddiy hayotiga zarba. Ular bizni qo‘rquv va qorong‘ilik bilan sindirishga urinyapti. Oylab qilingan og‘ir, halol mehnat natijasini yo‘q qilish. Ilgarigi o‘q yomg‘irlaridan keyin bir necha bor tiklagan narsalarimizni yo‘qqa chiqarish”, — deb yozdi Xarkiv meri.
Shu bilan birga, zarbalar va takroriy hujum tahdidiga qaramay, tiklash ishlari davom etadi, deb ishontirdi u. “Xarkiv uchun bu bitta narsani anglatadi: biz yana qilamiz. Qayta ko‘taramiz. Tiklaymiz. Ishga tushiramiz. Yana bir bor. Yana bir bor. Hech narsaga qaramay. Biz dosh beramiz. Biz tiklaymiz. Biz yashaymiz”, — deya ta’kidladi Igor Terexov.
5 yanvar tush payti Rossiya qo‘shinlari Dnipro shahriga ham dronlar bilan hujum qildi. “Dronlar hujumi natijasida Dnipro yo‘llariga 300 tonna moy to‘kilib ketdi! Kommunalchilar tozalayapti, qum va aralashma sepyapti, ammo Naberejnaya bo‘ylab harakat 2–3 sutkacha imkonsiz bo‘ladi”, — deb xabar qildi shahar meri Boris Filatov Telegram’da.
U fuqarolik ishlab chiqarishi nishonga olinganini qayd etdi. Gap Missuri shtati, Sent-Luis shahrida joylashgan AQShning Bunge kompaniyasiga qarashli zavod haqida ketmoqda. Kompaniya saytida qayd etilishicha, Dniproda Dniprovskiy moy-ekstraksiya zavodi — kungaboqar urug‘ini qayta ishlaydigan korxona faoliyat yuritadi.
RF armiyasining Kiyev va Kiyev viloyatiga hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, uch kishi yaralangan. Ukraina FVX Facebook’da xabar qilishicha, poytaxtda zarba xususiy tibbiyot muassasasiga tegishli to‘rt qavatli binoga to‘g‘ri kelgan. 5 yanvarga o‘tar kechasi zarba ikkinchi qavat darajasida bo‘lgan — u yerda kasalxonaning statsionar bo‘limi joylashgan. O‘sha yerda halok bo‘lgan shaxs topilgan.
Obolon tumani ma’muriyati rahbari Kirill Fesik aniqlashtirishicha, gap ushbu tumandagi xususiy tibbiyot muassasasi haqida ketmoqda, u binoga parchalar tushishi natijasida zarar ko‘rgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, parchalar tushgan paytda binoda taxminan 70 kishi bo‘lgan.
Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Nikolay Kalashnik ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatning Fastov tumanida 74 yoshli erkak halok bo‘lgan va bir nechta turar joy uylari shikastlangan. Shuningdek, Rossiya hujumi natijasida Slavutich shahrida elektr ta’minoti uzilgan. “Muhim infratuzilmaning barcha obektlari zaxira ta’minotiga o‘tkazildi. Shaharda issiqlik va suv bor”, — dedi Kalashnik.
Mavzuga oid
21:07 / 07.01.2026
Eng mashhur josuslardan biri Oldrich Eyms AQSh qamoqxonasida vafot etdi
20:38 / 07.01.2026
AQSh harbiylari Atlantika okeanida Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankerini qo‘lga oldi
18:26 / 07.01.2026
AQSh Venesueladan Rossiya, Xitoy, Eron va Kuba bilan aloqalarni uzishni talab qildi – OAV
13:51 / 07.01.2026