Jahon | 14:59 / 08.01.2026
1074
3 daqiqa o‘qiladi

Dniproda Rossiya dronlari hujumida yetti kishi jabrlandi

Rossiya uchuvchisiz apparatlarining Dnipr shahridagi turar joy mavzelari va ijtimoiy obektlarga hujumi oqibatida yetti kishi, jumladan ikki nafar bola yaralangan. Mahalliy hokimiyat uylar, maktablar va bog‘chalar zarar ko‘rganini bildirdi.

Foto: Telegram / borys_filatovv

6 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning uchuvchisiz apparatlari Dnipro shahriga ommaviy hujum qilgani oqibatida yetti kishi, jumladan ikki nafar bola jabrlanganini shahar meri Boris Filatov ma’lum qildi. Zarba ko‘p qavatli uylar, ta’lim muassasalari va kommunal infratuzilma obektlariga to‘g‘ri kelgan. Shahar hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ndan ortiq ko‘p qavatli uylarda oyna-romlar singan.

Dronlar parchalari tushishi oqibatida ikkita bolalar bog‘chasi, bir maktab va kasb-hunar maktabi jiddiy shikastlangan. Shuningdek, gaz quvuri va bir nechta avtomobil yonib ketgan. Barcha yong‘inlar tezkor ravishda o‘chirilgan.

Dnipro viloyati harbiy ma’muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Vladislav Gayvanenko havo hujumidan mudofaa kuchlari viloyat osmonida Rossiyaning 27 ta dronini urib tushirganini bildirdi.

Dniprodan tashqari, Sinelnikov tumanidagi Vasilkov jamoati ham zarbaga uchragan — u yerda xususiy uy yonib ketgan. Bundan tashqari, Rossiya harbiylari Nikopil shahriga artilleriyadan o‘q uzgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lum qilishicha, 6 yanvar kechqurundan boshlab Rossiya harbiylari Ukrainaga 95 ta “Shaxed” va “Gerbera” turidagi dronlar bilan hujum qilgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, 81 ta dron zararsizlantirilgan, 14 ta hujumkor dronning sakkizta lokatsiyada nishonga tekkani, shuningdek yana besh joyda dron parchalari tushgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Ukraina bo‘ylab bitta “Iskander-M” raketa ham uchirilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘z navbatida 6 yanvar kechqurundan boshlab navbatchi HHM kuchlari Ukrainaga tegishli samolyot turidagi 34 ta uchuvchisiz apparatni “tutib olgani va yo‘q qilgani”ni bildirdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ularning aksariyati Qora dengiz akvatoriyasi va qo‘shib olingan Qrim ustidan urib tushirilgan.

Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov zarbalardan biri Stariy Oskoldagi neft bazasiga to‘g‘ri kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, detonatsiya natijasida bir nechta rezervuar yongan, o‘t o‘chiruvchilar hozir ham yong‘inni bartaraf etishda davom etmoqda.

Keyinroq Gladkov ma’lum qilishicha, viloyatning boshqa aholi punktlari ham dronlar hujumiga uchragan. Borisov okrugidagi Gruzskoye qishlog‘ida dron portlashi oqibatida bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Mavzuga oid