Rossiya qo‘shini 20 yanvarga o‘tar kechasi navbatdagi marta Ukrainadagi energetik infratuzilmasini o‘qqa tutdi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, jami 339 ta zarbdor dronlar, «Iskander-M» rusumli 18 ta ballistik raketa, X-101 rusumli 15 ta qanotli raketa hamda kemalarga qarshi qo‘llanuvchi bitta «Tsirkon» raketasi uchirilgan. Raketalardan beshtasi hamda 24 ta dron nishonga yetib borgan, qolganlari urib tushirilgan.
Zarbalarning asosiy yo‘nalishi Kiyev shahri bo‘lgan. Shahar meri Vitaliy Klichko tongda hujumlar tufayli 5635 ta ko‘p qavatli uy (bu shahardagi ko‘p qavatli uylarning yarmidan ko‘proq) issiqlik ta’minotidan uzilganini ma’lum qildi. Kiyevda hozirda kuchli sovuq kuzatilmoqda, tunda harorat –10 darajadan pastga tushmoqda.
Bu yanvar oyi boshidan buyon Kiyevning yarmi issiqlik ta’minotisiz qolishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir – shunga o‘xshash vaziyat 9 yanvar kungi hujumdan keyin yuzaga kelgandi. Rossiya qo‘shini shahar ma’muriyati issiqlik ta’minotini deyarli to‘liq tiklashi bilan navbatdagi zarbani bermoqda.
Kiyevda elektr energiyasini ham favqulodda o‘chirish holatlari davom etmoqda. DTEK ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina poytaxtida 173 ming kishi elektr ta’minotidan mahrum holda yashashiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kiyevning chap sohil qismida 3500 ga yaqin uy aholisi suv ta’minotisiz ham qolgan, deb xabar berdi bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Kuleba. Rasmiylar yaqin vaqtlar ichida ichimlik suv ta’minotini tiklashni rejalashtirgan.
Elektr ta’minotidagi muammolar tufayli Kiyev metrosi bugun uzilishlar bilan ishlagan: xususan, Dnipro daryosining chap va o‘ng sohillari o‘rtasida poyezdlar 20-25 daqiqa oralig‘i bilan qatnamoqda, bir qancha bekatlar to‘liq yopilgan.
Kiyevdan tashqari, tunda Kiyev, Vinnitsa, Dnipropetrovsk, Odessa, Zaporijjya, Poltava va Sumi oblastlari ham zarbalar ostida qolgan. Bu regionlarning aksarida elektrni avariyaviy o‘chirish grafiklari amal qilmoqda.

Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images

Sergei SUPINSKY / AFP / Scunpi[/ LETA













