Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat va mahalla o‘rtasida yangi, o‘ziga xos “ijtimoiy shartnoma” tizimi bo‘ladi – prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ta’kidlanishicha, qaysi mahalla raisi o‘z hududini ixtisoslashtirsa, xonadonlar daromadini 3-4 karra oshirsa, yo‘l, suv, sug‘orish tarmog‘ini yaxshilash uchun yana 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Yig‘ilishda prezident ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Bugungi kunda 903 ta “og‘ir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari bor. Agar hokimlar “yettilik” bilan suv ta’minotini yaxshilab, urug‘-ko‘chat yetkazib, ixtisoslashuvni tizimli yo‘lga qo‘ysa, u yerdagi odamlarni daromadida, turmush sharoitida keskin o‘zgarish qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Masalan, Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga nasosda suv chiqarilgani uchun 25 yil tomorqasiga ekin ekmagan 280 ta xonadon 50-60 million so‘m daromad olishni boshladi. Buni uddalagan mahalla aholisi bugun ichki yo‘llar holatini yaxshilashni so‘rayapti. Davlat rahbari ertagayoq bunga 1,5 milliard so‘m ajratishni topshirdi.
“Marhamat, yana qaysi mahalla raisi o‘zi bosh bo‘lib, aholi ko‘nikmasiga qarab, hududni ixtisoslashtirsa, xonadonlarning daromadini 3-4 karra oshirsa, yo‘l, suv, sug‘orish tarmog‘ini yaxshilash uchun yana 2 milliard so‘mdan ajratishga tayyorman. Bu davlat va mahalla o‘rtasida yangi, o‘ziga xos “ijtimoiy shartnoma” tizimi bo‘ladi”, dedi prezident.
Mahallada ixtisoslashuvni rag‘batlantiradigan qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar ham yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga:
– sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi budjetdan qoplab beriladi;
– mevaning turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
– tomorqasiga tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.
Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida qilsa, yana 75 million so‘mdan mukofot oladi.
Joriy yil 2 ming gektar o‘rmon yeri 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10 yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangan.
“Ochiq aytish kerak, hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir xil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoitni taqqoslab bo‘ladimi? Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir xil, 17,5 foizli kredit ajratilyapti. Endi 37 ta “og‘ir” tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi”, dedi prezident.
Barcha tumanda oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozli kreditning eng ko‘p miqdori 1,5 karra ko‘payib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Bunda import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha kredit beriladi. Uy mehmonxona, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘m garovsiz kredit ajratiladi.
Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.
Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trillion so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihasida esa 6 foizi qoplab beriladi.
Mavzuga oid
17:51 / 22.06.2026
Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi
08:58 / 09.04.2026
Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashda yangi model joriy etiladi
20:38 / 19.03.2026
Prezident mahalla tizimining bir guruh xodimlarini taqdirladi
11:45 / 24.02.2026