Ötgan haftada Energetika vazirligi metan «zapravkalar» işiga vaqtinça çeklov joriy etilganini ma’lum qilgandi. Bu havo harorati pasayişi va tabiiy gazga talab oşişi ortidan ayrim hududlardagi quvurlarda bosim pasaygani bilan izohlangandi. Kun.uz’ga vodiy viloyatlaridan qator murojaatlar kelyapti. Ta’kidlanişiça, «zapravkalar» işlaşi kerak bölgan vaqt oraliğida ham oçilmayapti.
«Metanda yuraman, tirikçilik maşinaga boğliq. Benzin qimmatlik qilyapti. «Zapravkalar» qaçon oçilişi mumkinligi haqida aniq ma’lumot yöq, vaqtimni behudaga kutiş bilan sarflab yuboryapman. Işlarimni ham rejalaştira olmayman, şu böyiça tizimli işlaşsa yaxşi bölardi», deydi murojaatçilardan biri.
Vaziyat ayniqsa Farğonada jiddiylaşgan. Uşbu viloyatda 25-26 yanvar kunlari gaz «zapravkalar» yopiqligi va jamoat transporti metan quya olmagani uçun avtobuslar işlay olmagan. Bu respublika magistral tarmoğida gaz tanqisligi mavjudligi bilan izohlandi.
Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lumotlariga köra, maxsus texnikalar va jamoat transportlari uçun 25 yanvar kuni 1,5 mln kub metr, 26 yanvar kuni esa 2,5 mln kub metr gaz yetkazib berilgan.
«Farğona viloyatida soat 12:00 dan 15:00 gaça bölgan vaqt oraliğida jamoat transporti va kommunal xizmat transporti uçun 22 ta, Toşkent viloyatida 14:30 dan 17:30 gaça 20 ta metan gaz quyiş şoxobçasi orqali xizmat körsatildi. Qolgan hududlarda ham bu yönalişda işlar davom ettirilyapti», deyiladi vazirlik xabarida.
Iqtisodçi Otabek Bakirov «zapravka»larga yetkazib berilayotgan gaz miqdori juda ham kamligiga işora qilib, tizimni tanqid ostiga oldi.
«Energovazirlikning 25 yanvar kuniga oid axborotiga nisbatan yiğlaşniyam, kulişniyam bilmaysan. Vodiyda 417 ta «zapravka» faoliyat körsatganini iddao qilgan energetiklarga köra, şu «zapravka»larga 81,8 ming kub gaz berilgan. Ya’ni bitta «zapravka»ga örtaça 196 kub gaz tarqatilgan. Ma’lumot uçun, bitta 12 metrli avtobusni töldirişga kamida 200-250 kub gaz kerak böladi», deya yozdi iqtisodçi.
Kun.uz bilan boğlangan murojaatçilarga köra, Toşkent şahrida ham aksariyat metan «zapravka»lar işlamayapti.
Va’da qilingan gaz konteynerlari qani?
2025 yil 11 dekabr kuni energetika vaziri Jörabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunçilik palatasida energetika tizimida amalga oşirilgan işlar yuzasidan hisobot bergandi. Unda vazir 2025-2026 yilgi qiş mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyiş stansiyalarida yuzaga kelişi mumkin bölgan taqçillikni bartaraf etiş maqsadida 2 xil yeçim işlab çiqilganini ma’lum qilgandi:
«Yangi taşabbus taşkil qilindi. Bu bosim past böladigan Farğona vodiysidagi avtomobillarga gaz quyiş stansiyalariga (AGQS) köproq ta’sir qilişi inobatga olinadi. Ikkita yönalişda iş taşkil qildik. Birinçisi, qöşni davlatdagi mavjud tranzit quvurlardan foydalangan holda yaqinroq masofadan ta’minotni amalga oşiriş. Xovos–Farğona liniyasidan foydalanilyapti. Ikkinçisi, 150 ta köçma gaz quyiş şoxobçalarini olib keldik. 22 dekabrgaça Beşariqdagi gaz quyiş şoxobçasi töliq işga tuşadi, hozir texnologik uskunalar, treylerlar va konteynerlar olib kelinyapti. Bu gaz «zapravka» öçgan paytda köçma şoxobçalarni töldirgan holda 5 mingdan 10 ming kub metrgaça gaz yetkazib beriş imkonini beradi. Hozirgi kunda 14 ta AGQS bilan mazkur tizim sinab körildi. 22 dekabrdan keyin bu Farğona vodiysida zaxira tizim sifatida joriy qilinadi», degandi Mirzamahmudov.
2026 yilning yanvar oyi yakunlanayotgan bölsa-da, köçma konteynerlar hamon iş boşlagani yöq.










